Kiyimlar orasidagi dollarlar ushlab qolindi
Bojxona organlari tomonidan valyuta qimmatliklarini turli qing‘irliklar bilan mamlakatimizdan noqonuniy olib chiqilishiga tizimli ravishda qarshi kurash olib borilmoqda.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi “O‘zbekiston” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan post orqali chiqish yo‘nalishida harakatlanayotgan uch nafar fuqarolar og‘zaki so‘rovda yonlarida hech qanday valyuta qiymatliklari yo‘qligini ma’lum qilishgan.
Belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda fuqarolar M.A. 20 ming, D.Sh. 10 ming, X.M. 10 ming jami 40 ming AQSH dollarini kiyimlari orasiga yashirib olib o‘tayotganligi aniqlandi. Yana bir shunga o‘xshash holatda “Farg‘ona aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamda viloyat DXX xodimlari bilan hamkorlikda post orqali chetga uchib ketish maqsadida harakatlangan yana uch nafar fuqaroga taqsimlab berilgan “Xurshid” ismli shaxsga tegishli umumiy qiymati 25 ming AQSH dollarini bojxona chegarasidan noqonuniy ravishda yashirib olib o‘tilayotganligi aniqlanib, vaqtincha saqlovga olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda. Joriy yil davomida Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 6 ta holatda jami 76 ming AQSH dollari hamda 2 million Rossiya rubllarini bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib chiqilishiga chek qo‘yildi.
M. Sulaymonov, O‘zA