Kiyevda NATO signali: Ryutte Ukrainaga keldi
NATO bosh kotibi Mark Ryutte 18-iyun kuni oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga yetib keldi. Bu haqda dastlab Ukraina temiryo‘l kompaniyasi ijtimoiy tarmoqda xabar bergan, ammo keyinchalik ushbu xabar o‘chirib tashlangan. Tashrif Rossiyaning Ukraina shaharlariga qarshi so‘nggi yirik hujumlari fonida amalga oshirilmoqda.
Kiyevda Mark Ryuttening Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi kutilmoqda. So‘nggi haftalarda Zelenskiy NATO davlatlarini mamlakat havo mudofaasini kuchaytirishga chaqirib kelkelayotgan edi. Ayniqsa, Rossiyaning ballistik raketalariga qarshi qo‘shimcha vositalar masalasi Kiyev uchun ustuvor vazifaga aylangan.
Ukraina temiryo‘l kompaniyasi tashrifni Alyansning mamlakat bilan hamjihatligi va qo‘llab-quvvatlashining muhim ramzi sifatida baholagan. Rasmiy uchrashuvlar kun tartibi hozircha to‘liq ochiqlanmagan. Shu bilan birga, muzokaralarda xavfsizlik, qurol-yarog‘ ta’minoti va havo mudofaasi masalalari asosiy mavzu bo‘lishi kutilmoqda.
Tashrifdan bir necha soat oldin Ukraina dronlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi energetika va harbiy ob’ektlarga zarba bergani haqida xabarlar tarqaldi. Bu shaharda ayni paytda yirik iqtisodiy forum o‘tkazilmoqda. Mazkur voqealar urushning har ikki tomondagi muhim ob’ektlarga ta’siri kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Bir kun avval Rossiya armiyasi Kiyev va Dnipro shaharlariga raketa hamda dronlar bilan hujum qilgan edi. Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, ushbu zarbalar oqibatida kamida 23 kishi halok bo‘lgan. Bu so‘nggi haftalardagi eng qonli hujumlardan biri sifatida baholanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA