Kitobxon onalar
Navoiy viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida “Kitobxon onalar” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda uyushma a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, faol kitobxonlar, viloyat Pedagogik mahorat markazi tinglovchilari hamda ijodkor yoshlar ishtirok etdi.

“Olam nurga to‘lsin, sen bilan Navro‘z” shiori ostida tashkil etilgan kechada milliy an’ana va urf-odatlarimiz keng targ‘ib qilindi. Unda zardo‘zlik va kashtachilik san’ati namunalari, sahna ko‘rinishlari hamda eng sara kitoblar ko‘rgazmalari namoyish etildi.

Tadbir davomida “Durdona” folklor ansambli jamoasi tomonidan Navro‘zni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Zoom platformasi orqali Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi kitobxonlari bilan muloqotda bo‘ldi.

Ushbu muloqotda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va yoshlarni kitobga oshno etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri