Kitobdin yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda
Dunyo faylasuflari kitobni insoniyat tomonidan yaratilgan eng zo‘r kashfiyot, ixtiro sifatida baholaydi. Zero, kitob insoning bilim olishi, dunyoni anglashi, kasb-hunar egallashida eng samarali vosita sanaladi.
Uning insoniyat hayoti, shaxs sifatida shakllanishidagi o‘rni, tafakkuri charxlanishidagi ta’siri haqidagi badiiy, ilmiy va ommabop asarlarning o‘zi katta bir kutubxonani tashkil etishi turgan gap.
bugungi kunda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning nashrini ko‘paytirish davlat siyosati darajasidagi masalaga aylandi Ulug‘ ajdodlarimiz aql zakovati, o‘tkir tafakkuri bilan yaratilgan noyob asarlar, nafaqat bizning, balki jahon ahlining bebaho boyligi hisoblanadi.
bugungi texnologiya asrida gap kitob va kitob mutolaasi haqida ketganda, albatta: «Odamlar ilgarigidek kitobga qiziqmay qo‘ydi, hamma telefon, telegram, internetga yopishib olgan» kabi fikr-mulohazalar yuzaga keladi.
Va eng yomoni – kuni bilan va doim shunaqa oldi-qoch hangomalar, mish-mishlar olami bilan mashg‘ul. Biror marta shunaqa gap-so‘zlar vaqtimni, umrimni o‘g‘irlayapti, menga shular zarurmi? – deb o‘ylab ham ko‘rmaydi.
Masalaning ikkinchi tomoniga qaraydigan bo‘lsak, ijtimoiy tarmoqlardagi har-xil axborot oqimini nazorat qilish tobora murakkablashib bormoqda. Yaxshi odamni «yomon»ga, aybsiz odamni «qora» qilib ko‘rsatish go‘yo oddiy ish bo‘lib qolgandek. Shaxsiy hayotini ommaga ko‘z-ko‘z qilayotganlar, o‘z suratlarini hammaga namoyish etuvchilar internet tarmoqlarida oz emas. Shunaqa narsalarni internetga joylayotgan mualliflar esa o‘zlarining «muxlislari» qancha bo‘lganini sanash, shundan xursand bo‘lish bilan ovora.
O‘quvchilarni internet bilan emas, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin bari bir kitob degan mo‘’jizaga oshno qilish haqida qayg‘urishimiz lozim.

Olimlar go‘dakning ongini yozilmagan oppoq qog‘ozga mengashadi. Go‘daklikdan, bolalikdan unga nima singdirilsa, ana shu «oq qog‘ozga» ya’ni tafakkurga o‘sha narsa muhrlanadi. Bolaning dastlabki tarbiyachisi, avvalo ota-ona, oilaviy muhitdir. Ularga eng yaxshi ko‘makchi, eng samarali va to‘g‘ri vosita esa kitob sanaladi. Bolaga ulg‘ayishning eng ilk qadamlaridan ana shu ko‘makchiga oshno, do‘st etib tarbiyalashga erishish lozim.
Bolaga go‘dakligidan ezgulik, yaxshilikni targ‘ib qiluvchi, tafakkurini charxlaydigan ertaklar, voqealar, hikmatli so‘zlarni so‘zlab berish kerak. Bola o‘z psixologiyasiga ko‘ra yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi tortishuvni va albatta unda yaxshilik g‘olib bo‘lishiga qiziqadi. Yoshiga mos bo‘lgan sarguzashtli voqealar ham qiziqarli bo‘ladi. Shundan so‘ng ularga xuddi shunday qiziqarli ertaklar, voqealar mana bu kitoblarda bor, deya qiziqtirish kerak deb o‘ylayman. Buning uchun birinchi galda, ota-onaning o‘zi kitob mutolaa qilishi zarur.
bugungi kunning kutubxonalarini qo‘rib havas qilasan, keng yorug‘ xonalar, xilma-xil kitoblar, kompyuterlar, jihozlar barcha-barchasi ko‘zni quvontiradi, ishlash uchun barcha shart-sharoit yetarli. Kutubxonachi ham ana shu darajaga mos ishlashga tayyormi? Xo‘sh bugungi kun kutubxonachisi o‘zbek va dunyo adabiyotining durdonalarini targ‘ib etish borasida bilimi, malakasi yetishadimi? Bu borada foydalanuvchilarni kutubxonaga jalb eta oladimi?
Kutubxonachi kitoblar taxlanadigan javonlar dizayniga e’tibor berishi, o‘quvchilarga kitoblarni tanlashda ko‘maklasha bilishi, lozim bo‘lganda mavzular bo‘yicha suhbatlasha oladigan mutaxassis bo‘lishi lozim. Boz ustiga u o‘z sohasi bo‘yicha maxsus ma’lumotga ega bo‘lsa, ishda axborot texnologiyalaridan foydalana bilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Undagi tashkilotchilik, tashabbuskorlik esa ishdagi samaradorlikni oshirishi shubhasiz.
To‘g‘ri, kutubxonamizda talaygina muammolar ham yo‘q emas. Ish jarayonimizdagi turli kamchiliklarni ish beruvchi bilan hal qilib olmas ekanmiz, hech mahal o‘ylagan maqsadimizga yeta olmaymiz. Ish beruvchi ham maktab kutubxonasi maktabning ajralmas bo‘lagi, o‘quvchilar bilimini oshirishda samarali vosita ekanligini anglagan holda, mavjud muammolarni maktab ehtiyojidan kelib chiqib bartaraf etishi lozim. Ish beruvchi doimo maktab kutubxonachisini qo‘llab turmasa, uni muammolarini bitta o‘zi hal qila olmaydi.
Kutubxonadagi mavjud badiiy adabiyotlar fondini kitobxonga kengroq targ‘ib etish va boyitish soha mutaxassislari oldida turgan dolzarb masalalardan biridir. Xulosa qilib aytganda, biz kutubxonachilardan faoliyatimizda yangiliklar yaratib, tashabbus ko‘rsatib ishlash talab etiladi.
Kitob insoning eng yaqin do‘sti, maslahatchisi. Dunyodagi barcha mutafakkirlar, ahli donishlar birinchi galda aynan kitob mutolaasi, uni o‘qib o‘rganish bilan yuksak tafakkur egasi darajasiga erishgan. Shunday ekan, hech qachon kitob o‘qishdan to‘xtamang. Zero, buyuk mutafakkir Abdurahmon Jomiy aytganidek:
Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda
G‘amxo‘ring bo‘lgay u g‘amgin zamonda.
U bilan qol tanho hech bermas ozor,
Joningga yuz rohat beradi takror.
Maxsuda BOBOEVA,
Chirchiq shahar 10-umumta’lim maktabi kutubxona mudiri