Kitob – ozodlikka olib boruvchi yo‘l
Munosabat

Jazoni o‘tash muassasasida o‘tgan har bir kun mahkum uchun og‘ir sinov. Ammo, endi bu kunlar ma’naviy o‘zgarish, bilim va umid bilan qisqarishi mumkin. Yaqinda qabul qilingan qonun mahkumlarga kitob mutolaasi orqali jazo muddatini kamaytirish imkonini beradi.
2026 yil 15 yanvarda Prezidentimiz tomonidan imzolangan qonunga binoan, Jinoyat kodeksining 73-moddasiga o‘zgartirishlar kiritildi. Yangi tartibga muvofiq, mahkumlar ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar ro‘yxatidan kitoblar o‘qishi shart. Har bir o‘qilgan kitob uchun jazo muddati uch kunga qisqartiriladi, biroq, yil davomida umumiy qisqarish 30 kundan oshmasligi lozim.
Kitob haqiqatan o‘qilgani maxsus komissiya tomonidan aniqlanadi. Uning tarkibiga jazoni ijro etish muassasasi xodimlari va jamoatchilik vakillari kiradi. Komissiya yiliga kamida ikki marta yig‘ilib, mahkum bilan suhbat va imtihon natijalari asosida xulosa chiqaradi. Ushbu xulosaning nusxasi prokurorga yuboriladi, mahkumga imzo evaziga topshiriladi hamda himoyachiga so‘rov asosida taqdim etiladi. Agar xulosa ijobiy bo‘lsa, muassasa ma’muriyati mahkumning tuzalish yo‘liga o‘tganini inobatga olib, sudga jazo muddatini qisqartirish haqida taqdimnoma kiritadi. Yakuniy qaror esa faqat sud vakolatida qoladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur yangilik jazoning tarbiyaviy ahamiyatini yanada kuchaytiradi. Kitob mutolaasi insonning dunyoqarashini kengaytiradi, xatolarini anglashga va jamiyatga qayta moslashishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, takroriy jinoyatlarning oldini olishga yordam beradi. Qonunchilikdagi yana bir muhim yangilik mahkumlarga masofali video-uchrashuv huquqining berilishidir. Endi ular o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan 15 daqiqa davom etadigan bir marta video-uchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashuvdan foydalanish imkoniga ega.
Ilgari esa bunday muloqot faqat telefon orqali cheklangan edi. Video-uchrashuvlar mahkumlar uchun muhim psixologik qo‘llab-quvvatlov vositasi hisoblanadi. Oila a’zolarini ko‘rib, ular bilan yuzma-yuz muloqot qilish insonda mas’uliyat hissini oshiradi, kelajakka ishonch uyg‘otadi va tuzalishga bo‘lgan intilishni kuchaytiradi. Xulosa qilib aytganda, kitob orqali bilim, video-uchrashuv orqali mehr-oqibat mahkumni jamiyatga qaytarishning eng samarali va insonparvar yo‘lidir.
Jahongir Valiyev,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining
Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili.
O‘zA.