Kitob o‘qish soati
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaa orqali ularning ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirish hamda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish maqsadida “Kitob o‘qish soati” tashkil etildi.
Bugungi tezkor davrda har bir tashkilot muvaffaqiyatining negizi uning inson kapitali va xodimlarning intellektual salohiyatiga borib taqaladi. Shu bois, mamlakatimizda mehnat jamoalarida mutolaa madaniyatini yuksaltirishga davlat darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, tashkilot va muassasalarda joriy etilgan “Kitob o‘qish soati” shunchaki ish rejasidagi tadbir emas, balki xodimlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, fikrlash doirasini kengaytirish va ish samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim ijtimoiy loyiha.
Mutaxassislarning qayd etishicha, “Kitob o‘qish soati” orqali institutda tizimli kitobxonlik muhitini shakllantirish, xodimlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirish hamda mutolaani kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA