Kitob muxlislari uchun yangi tuhfalar
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va boshqa bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan Kitobxonlik haftaligi davom etmoqda.
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida ma’rifiy haftalikning navbatdagi kuni O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bilan boshlandi.
Tadbirda milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish, uning rivojiga munosib hissa qo‘shgan ustoz shoirlar ijodini ommalashtirish, ijodining tarbiyaviy ahamiyatini keng o‘rganish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda ustoz ijodkorning tavallud sanasi keng bayram qilinmoqda. Qarorga binoan shoir ijodiga oid kitoblar mamlakatimiz nashriyotlarida yanada faol chop etilmoqda. O‘quv dargohlari, kutubxonalar, mahallalar, ijodiy tashkilotlarda ularning taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda. Bularning bari xalqimizning ustoz Abdulla Oripov she’riyatiga chin ma’noda mehri baland ekanini amalda yana bir karra isbotlamoqda.
Ustoz shoirning she’rlari jam bo‘lgan yangi kitoblar adabiyot muxlislari uchun o‘ziga xos yana bir tuhfa bo‘ldi. “SHARQ” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasida chop etilgan ikki tomli “Saylanma” kitobida Abdulla Oripovning jonajon O‘zbekistonimiz, istiqlolimiz, obod va ozod kunlarimiz, bunyodkor xalqimiz, milliy tabiatimiz, hayotiy haqiqatlar aks ettirilgan she’rlari jamlangan. Tadbirda taniqli jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar faylasuf ijodkor Abdulla Oripov hayoti, faoliyati, ijodining ko‘lami xususida batafsil so‘z yuritdilar.
Kitobxonlik haftaligida, shuningdek, “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan bir qator yangi kitoblarning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
N.Usmonova, O‘zA