“Kitob haftaligi” kitobxonlar bayramiga aylandi
Jizzax viloyatida "Kitob bu – bilimlar ummoni” shiori ostida “Kitob haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda.
Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda
Besh muhim tashabbus doirasida yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan “Kitob haftaligi”tadbirlari viloyat hokimligi va Sharof Rashidov nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi tashkilotchiligi bilan madaniyat, xalq ta’limi, axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalari, oliy o‘quv yurtlari, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi va boshqa tashkilot, muassasalarning faol ishtirokida o‘tayotir.
Haftalik doirasidagi tadbirlarda poytaxtimizdan kelgan shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, san’atkorlar qatnashayotir.
Viloyat musiqali drama teatri hovlisiga kitobxonlarni chorlash bilan boshlangan haftalikning ochilish marosimi chinakam bayramga aylandi. Hovli kitob targ‘ibotiga bag‘ishlangan devoriy lavhalar, shiorlar, banner va turfa gullar bilan bayramona bezatildi. Bayramga kitob ixlosmandlari to‘plandi. Ularning asosiy qismi yoshlar – talabalar, maktab, litsey va kollej o‘quvchilari bo‘ldi.
Viloyat teatri ijodkorlari mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz namoyandalari asarlari asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etdi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Cho‘lpon, Hamid Olimjon va Zulfiya obrazlari orqali o‘qilgan ilm-ma’rifatga, ziyoga, vatanparvarlikka chorlovchi she’r, g‘azal va monologlar ishtirokchilar olqishiga sazovor bo‘ldi.
[gallery-1945]
Tadbir doirasida kitobxonlar bilan muloqotlar, savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Faol kitobxonlar taqdirlandi.
– Ushbu haftalik Prezidentimizning yoshlar tarbiyasida kitobxonlikning ahamiyatini oshirish bo‘yicha yangi tashabbusini amalga oshirishdagi amaliy ishlardan biri bo‘layotir, – deydi viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari Hafiza Qudratova. – Haftalikning birinchi kungi tadbirlari mazmunli, kitobxonlarning yuksak faolligi bilan o‘tdi. Aholi, ayniqsa, yoshlarda mutolaa madaniyatini oshirish maqsadida tashkil etilgan saf yurishida kutganimizdan ham ko‘proq kishi qatnashdi. Bu xalqimizda kitobxonlik an’analari hamon yashab kelayotgani dalilidir.
Kitob haftaligi viloyatning shahar-tumanlarida davom etdi. Haftalik doirasida madaniyat maskanlari va ta’lim muassasalarida ijodiy uchrashuvlar, mushoiralar, kitob taqdimotlari, davra suhbatlari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar ko‘tarinki ruhda o‘tkazilayotir.
T. Beknazarov, J. Yorbekov (surat), O‘zA