“Kishan” – ruhni ozod ko‘rish haqidagi kitob
Taniqli olim, yozuvchi Olim Toshboyevning “Kishan” nomli yangi romani “Oltin qalam nashriyoti” tomonidan o‘quvchilar hukmiga havola qilindi.
Adib kitobxonga “Abadiy zamondosh”, “Ultontoz”, “Botindagi bo‘ron”, “Oybolta ostidagi olomon” kabi qator asarlari bilan yaxshi tanish.
“Kishan” – inson ruhidagi qo‘rquv, ta’qiq mevalari tahlili haqidagi kitob.
“Kishan” – ruhiy bandilikdan voz kechish, o‘zlikni anglashga chorlaguvchi, da’vat qilguvchi asar.
Olim Toshboyev millat yuksalishiga xalal beruvchi unsurlar – tafakkurdagi qusurlar, kemtiklar badali nechog‘li og‘ir va achchiq bo‘lishi mumkinligini romandagi personajlar, ularning hayot tarzi, xarakterlari orqali ochib beradi.

“Osmongga qo‘rqib qaraymiz. Balo osmondan keladi, deb o‘ylaymiz... Aslida, baxt ham, baxtsizlik ham yerda...” deb yozadi muallif muxtasar qilib.
Asar tili o‘ziga xos – boy, shirali, xalqona.
Asl turkona so‘zlar, topib aytilgan – ishlatilgan maqol va iboralarning ko‘pligi va o‘rnini topib ishlatilgani uchun adib mahoratiga tan berasiz.
Yozuvchi roman qahramonlari hayoti orqali inson ongi, tafakkuridagi kishan nafaqat uning o‘zini, balki millatning ham fojeasi ekanini, odam bolasi ushbu “balo”lardan xalos bo‘lmas ekan, hayotida ham, jamiyatda ham ilgarilash og‘ir kechishi muqarrarligini badiiy bo‘yoqlarda ishonchli tasvirlay olgan.
“Kishan”ni, albatta o‘qing...
O‘zA