Kinologiya xizmati: maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan itlar
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kinologiya bo‘linmasi faoliyati bilan ommaviy axborot vositalari vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Tadbirda kinologiya xizmati va uning imkoniyatlari, kinologlarning qonunbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan faoliyati xususida ma’lumot berildi.
– Joriy yil o‘tgan davrida bo‘linma kinologlari xizmat itlari bilan birgalikda tergov tezkor guruhlari tarkibida voqea joyiga chiqib, 105 ta jinoyat fosh etishda qatnashdi, – deydi viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi (JXX JTSB) boshlig‘i, podpolkovnik Hamza Salayev. – Mazkur qonunbuzarliklarning 41 tasi o‘g‘rilik, 64 tasi giyohvand vositalar bilan bog‘liq. Xizmat itlari yordamida qariyb 17 kilogramm marixuana, gashish, opiy, geroin, pregabalin va ko‘knori mahsulotlari topildi. Shaxsiy tarkib boshqa sohaviy xizmatlar vakillari bilan hamkorlikda 17 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanishida, bedarak yo‘qolgan 1 nafar fuqaro topilishida ishtirok etdi. Bo‘linmada xodimlar bilimlarini oshirish, jismoniy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar ham amalga oshirilmoqda.
[gallery-9809]
Tadbir davomida xizmat itlarini oziqlantirish, zarur anjomlar, ulardan foydalanish haqida ham atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, bo‘linma pitomnigi, ixtisosligiga ko‘ra mashq maydonlari, veterinar xonasi va veterinar ko‘rigi bilan ham yaqindan tanishtirildi.
– Viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kinologiya bo‘linmasida ayni paytda 46 ta nemis hamda sharqiy Yevropa ovcharkalari, rus spaniyellari, labradorlar, Belgiya malinua itlari xizmatga o‘rgatilib, parvarishlanmoqda, – deydi viloyat IIB JXX JTSB kinologiya bo‘linmasi boshlig‘i, podpolkovnik Ramz Oqbo‘tayev. – Ushbu xizmat itlarida iz qidirish, giyohvand va portlovchi vositalarni qidirib topish, ob’ektlarni qo‘riqlash, jinoyatchilarni tutish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga oid ko‘nikmalar muntazam ravishda oshirib borilmoqda.
Press-tur davomida kinologlar xizmat itlari yordamida xizmat itlarining buyruqlarni bajarish, iz olish, giyohvandlik vositalari, qurol-aslaha va portlovchi moddalarni qidirib topish, jinoyatchini qo‘lga olish kabi umumiy va maxsus yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlarini namoyish etdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA