Kimyoviy usuldan biologik usul samarali
Samarqand viloyatida bugungi kunda 104 ming 230 gektar g‘alla, 73 ming 246 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Shuningdek, fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining 45 ming 700 gektarga yaqin yerlarida asosiy turdagi ekinlar ekilgan. Yana bir necha ming gektar bog‘ va tokzor mavjud.
Hozirgi iqlim o‘zgarishlari va turli tabiat hodisalari yuz berayotgan sharoitda bu ekinlardan sifatli va mo‘l hosil olish har qachongidan murakkab bo‘lib bormoqda. Binobarin bugun ichki bozorda ham, xorijda ham birinchi navbatda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotining tarkibi, uning turli kimyoviy moddalardan xoliliga e’tibor qaratiladi. Mahsulotga talab uning sifati bilan chambarchas bog‘liq.

Samarqand viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan Narpayga tashkil etilgan press- turda tumandagi “Maroqand sifat” klaster korxonasida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Korxona qoshidagi biolaboratoriya faoliyati bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

– Bugun har qanday ekinni yetishtirishda istaysizmi, yo‘qmi avvalo turli xil hasharot va zararkunandalarga qarshi kurashishga to‘g‘ri keladi, – deydi “Maroqand Sifat” MCHJ qoshidagi biolaboratoriya agronom maslahatchisi Shokir Omonturdiyev. – Bu yerni ekishga tayyorlashdan boshlab to ekin ekib, yig‘ishtirib olguncha davom etadi. Bunday paytda ko‘pchilik asosan kimyoviy vositalardan foydalanadi. To‘g‘ri, buning natijasi tez ko‘rinishi mumkin. Lekin kimyoviy vositalar yerga va yetishtiriladigan mahsulot tarkibiga ta’sir qilishini o‘ylab ko‘rmaymiz. Qolaversa, mahsulot tannarxi ham oshib ketadi. Shuning uchun klaster korxonamiz qoshida mazkur biolaboratoriya tashkil etilib, o‘simlik zararkunandalari va hasharotlarga qarshi biologik usul bilan kurashishdan samarali foydalanib kelyapmiz.

Biolaboratoriyada hozir oltinko‘z, trixogramma va brakon entomofaglari tayyorlanmoqda. Har bir biomahsulotning o‘zini vazifasi bor, masalan oltinko‘z shiralar bilan oziqlansa, trixogramma zararkunandalar tuxumlari bilan oziqlanadi, brakon esa zararkunanda hasharotlar qurtlari paraziti hisoblanadi. Bu vositalar orqali besh ming gektar maydondagi qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunanda va hasharotlariga qarshi kurashiladi.

E’tiborlisi, o‘simliklarga biologik ishlov berish, ularni kimyoviy dorilashdan ko‘ra o‘n barobar arzon tushadi. Eng muhimi, bu mahsulot hosildorligi va tarkibiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari