“Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha”
Yurtimizda joriy yilning 15 dekabridan 2021 yilning 15 yanvariga qadar o‘tkaziladigan Vatanparvarlik oyligi targ‘ibot tadbirlari ushbu shior ostida tashkil etilmoqda.
Yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, ularni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, aholiga mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yetkazish, Qurolli Kuchlarning salohiyatini namoyish etish maqsadida o‘tkazilayotgan Vatanparvarlik oyligining Samarqand viloyatidagi tadbirlari boshlandi.
Markaziy harbiy okrug Samarqand garnizonidagi harbiy qismda o‘tkazilgan tadbirda qism komandirlari, harbiy xizmatchilar, faxriy harbiylar va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
- Bu yilgi Vatanparvarlik oyligi doirasidagi tadbirlarda buyuk bobomiz Jaloliddin Manguberdining Vatan himoyasidagi jasorati, jangu jadallardagi harbiy mahorati bosh g‘oya sifatida belgilangan, - deydi harbiy qism komandirining o‘rinbosari, podpolkovnik Shavkat Abdurahimov.
[gallery-446]
– Barchamizga ma’lumki, Jaloliddin Manguberdi harbiy san’at bobida o‘z davrida dovrug‘i yetti iqlimga ketgan bahodir bo‘lgan. Uning mo‘g‘ullarga qarshi ko‘rsatgan jasorati tillarda doston bo‘lgan. Bu yilgi targ‘ibot tadbirlarimizda buyuk bobomizning ko‘rsatgan qahramonliklarni yoshlar ongiga singdirish orqali ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, harbiylikka qiziqtirish, yurt oldidagi farzandlik burchini anglatishni maqsad qilganmiz.
Tadbir davomida qism harbiy xizmatchilari tomonidan tayyorlangan Jaloliddin Manguberdi jang sahnasi, qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmali chiqishi namoyish etildi. Tadbirga tashrif buyurgan yoshlar qurol-aslahalar, harbiy texnikalar bilan bevosita tanishdi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat kengashi harbiy bo‘lim boshlig‘i Husan G‘oziyevning ta’kidlashicha, bu galgi Vatanparvarlik oyligi faqatgina tuman va shaharlar markazlarida emas, balki chekka hududlarda o‘tkaziladi. Shu bois Vatanparvarlik karvonlari tashkil etilib, chekka hududlarda ham harbiy texnikalar, qurol-aslahalar, harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etiladi. Shuningdek, oylik doirasida harbiylar va yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlari, sport musobaqalari o‘tkaziladi.
Vatanparvarlik karvoni Samarqand garnizonidagi harbiy shaharchada yo‘lga chiqdi. Ilk manzil Jomboy tumanining olis hududlari bo‘ladi. Bir oy mobaynida Samarqand viloyatining eng chekka hududlarida ham targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA