Kichik va o‘rta biznes vakillari bilan muloqot
Prezidentimizning shu yil 19 mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan uchrashuvi xususiy sektor uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Mazkur uchrashuvda belgilangan topshiriqlar asosida Namangan viloyati Soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhratali Imomov hamda Namangan shahri hokimi Anvar Otaxo‘jayev viloyat markazida faoliyat yurituvchi kichik va o‘rta biznes sub’ektlari vakillari bilan muloqotda bo‘ldi.

Muloqot avvalida viloyat bosh soliqchisi ishbilarmonlarga davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan 2025 yil uchun sohadagi asosiy maqsad va vazifalarning mazmun-mohiyatini tushuntirdi. Muloqot davomida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan soliq hisobotlari onlayn nazorat kassa texnikasidan foydalanish tartibi, markirovkalangan mahsulotlarni agregatsiyalash tizimi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi. Shuningdek, ishtirokchilarning soliq qarzdorliklariga doir savollariga batafsil javob berildi.

– Avvallari tadbirkorlar muammoni hal etish uchun rahbar bilan uchrashishni oylab kutgan. Bugun kunda esa amaldorlarni o‘zlari bizni eshitish uchun uchrashuvlar tashkil etyapti. Kattami, kichikmi biznes vakillariga birdek e’tibor qaratilayotgani oddiy fuqarolar orasidan ham tadbirkorlikka qiziqib, qo‘l urayotganlar soni ortishiga sabab bo‘lmoqda, – deydi “Sardoba” bozori mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori o‘rinbosari Shavkat Qoraboyev.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA