Kichik sanoat zonalari faoliyati o‘rganildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov viloyat sektorlari rahbarlari ishtirokida kichik sanoat zonalari faoliyatini o‘rgandi.
Dastlab Davlatobod tumanidagi “Yoshlar” kichik sanoat zonasida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda viloyat rahbari Namangan tajribasi sifatida e’tirof etilgan kichik sanoat zonalari imkoniyatlaridan unumli foydalanish masalasiga e’tibor qaratdi.
Xuddi shunday yig‘ilish “Kushon” kichik sanoat zonasida ham bo‘lib o‘tdi.
O‘rganish olib borilgan Namangan shahridagi “Dashtbog‘” kichik sanoat zonasida 22 ta loyiha rejalashtirilgan bo‘lib, shulardan 19 tasi faoliyat olib bormoqda. 3 ta loyiha hali ishga tushmagan.
“Barkamol avlod” kichik sanoat zonasida esa 47 ta loyihadan 18 tasi hali faoliyatini boshlamadi. Shuning hisobiga 1770 ta yangi ish o‘rni yaratilgani yo‘q.
Viloyat hokimi tomonidan har ikki zonada tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan tahliliy-tanqidiy ruhdagi yig‘ilishlarda holat atroflicha muhokama qilindi. Yangi loyihalar tezroq ishga tushsa, bandlik qamrovi ham kengayishi ta’kidlandi.
Ishchi guruhning o‘rganish ishlari Yangi Namangan tumanidagi “Taraqqiyot” kichik sanoat zonasida davom ettirildi.
Mebelchilikka ixtisoslashgan mazkur hududda rejalashtirilayotgan 31 ta loyihadan hali 29 tasi amalga oshgani yo‘q. Bittasi istiqbolsiz, deb topilgan. Qurilish ishlari davom ettirilmoqda.
Viloyat rahbari tadbirkorlar bilan uchrashuvda har bir loyihani atroflicha muhokama qilib, jarayonni tezlatish lozimligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, Uychi tumanidagi “Yorkatay” kichik sanoat zonasiga borildi. Bu yerda ham rejalashtirilgan 25 ta loyihadan 15 tasi ro‘yobga chiqdi, xolos. Qolgan tadbirkorlar turli bahonalar bilan ishni ortga surmoqda.
Viloyat hokimi tadbirkorlar bilan muloqotda ushbu sa’y-harakatlar, loyihalardan maqsad, eng avvalo, aholi, xususan, yoshlar bandligini ta’minlash, xorijda kam daromad topib, sarson yurgan yurtdoshlarimiz uchun ish o‘rinlari yaratishdan iborat ekanligini tushuntirdi.
[gallery-16769]
Uychi tumanidagi “Qumtepa” kichik sanoat zonasida o‘tkazilgan yakuniy muloqotda viloyat rahbari yangi ish o‘rinlari yaratish orqali bandlikni ta’minlash, viloyatni ishsizlikdan holi hududga aylantirish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Viloyat rahbari tadbirkorlarning muammolarini tingladi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rdi. Xususan, tadbirkorlarning kredit masalasidagi murojaatlari shu joyning o‘zida hal etildi, hokim bank mutasaddilariga bu borada tegishli topshiriqlar berdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA