Kichik ko‘ngilning katta quvonchi (+video)
Besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, odamlar taqdiri ham turlicha. Kimdir boy-badavlat, sog‘lom, ammo baxti yo‘q. Yana biri chor-nochor yashaydi, hatto nogiron, ammo qalbi quvonchga to‘la. Turfa olam, turfa taqdir.
Mavjudaxon bolalikdan nogiron edi. Ota-onasidan barvaqt ayrildi. Ko‘ngil ovunchi birgina opasi bo‘ldi. Mamlakatxon ham shu o‘ksik singlisini deb u bilan bir umr qoldi. Otadan keyin kaftdekkina uyi buzilib, hali u, hali bu qo‘shnilar, rahmdil odamlar xonadonlarida yashab yurdilar. Ijtimoiy himoya ustuvor deb belgilangan O‘zbekistonda esa ular kabi ayollar himoyaga olinadi.

– “Ayollar daftari”ning 5 toifasiga bizning tumanimizdan uy-joyga muhtoj, ehtiyojmand, ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan 11 nafar xotin-qiz kiritilgan, – deydi Bag‘dod tumani hokimining o‘rinbosari Hilola Qambarova. – Bu ayollar qatorida uy-joyi yo‘qligi sababli ijarada yurgan, 1-guruh nogironligi bo‘lgan opa-singillar – Mamlakatxon va Mavjudaxonning muammolari yechildi. Tuman hokimi tomonidan 4 sotix joy ajratildi. U yerga chiroyli uy qurib berildi.

Aslida yangi uy ham mo‘’jazgina. Ammo uni Mavjudaxonning ko‘zida ko‘ring-a! Opa-singil vatanli bo‘ldik, deya qo‘ni-qo‘shnilarni chorladi. Elga oshkor qildi. Chunki ijara haqini davlat to‘lab turgan bo‘lsada ko‘chmanchi hayot lazzatmidi?

– Ilgari ko‘chinglar, deganda “xo‘p” deb ko‘char edim. Ko‘chib yurishni yomon ko‘rardim, – deydi Mavjudaxon Ahmadqulova. – Bir joyda yashashni orzu qilganman. Orzuimga yetdim. Yangi uy qurib bergani uchun davlatimizga rahmat.

– Davlatimiz, xalqimizga rahmat, hatto gaz ballonigacha berib turibdi, – deydi Mamlakatxon. – Bir oz o‘tiringlar, qatlama qilyapmiz.


Bag‘dod tumanida 6 mingdan ziyod ayollar maxsus daftarda turadi. Ularning har biri e’tiborda: ish bilan ta’minlanyapti, muammolari yechilyapti, hatto uy-joyli bo‘lishyapti.
– Oldimizda katta-katta maqsad, rejalarimiz bor. Shu uy-joylarning yoniga uy solishni davom ettiryapmiz. Rejada ijarada yashab yurgan ona-bola Xadichaxon ayamizga yangi uy loyihasi ishlab chiqildi, shu hafta oxiridan boshlab uy qurilish boshlanadi, – deydi Hilola Qambarova.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BBByT8WORG8" title="Kichik ko‘ngilning katta quvonchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,Elyor Olimov (surat, video), O‘zA