Kiberjinoyatchilikka qarshi javob
Huquqni muhofaza qilish organlarining an’anaviy usullari jinoyat sodir bo‘lgan joyga tashrif buyurish yoki jabrlanuvchi bilan muloqot qilish kerak bo‘lmagan kiberjinoyatchilarga qarshi mutlaqo foydasizdir. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasiyasida o‘tkazilgan “Cybersecurity and New Technologies” xalqaro seminarda shu haqida so‘z bordi.
Tadbirda Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘izistondan kelgan 40 dan ortiq mutaxassislar, shuningdek, BMT, YeXHT, Yevropa Ittifoqi va Interpol vakillari yig‘ilib, Internet tarmog‘idan foydalanishga asoslangan terroristik faoliyat xavfini baholadi.
Seminar BMTning Kontrterroristik markazi, Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan Jinoyat qidiruv politsiyasining xalqaro tashkiloti (Interpol) bilan hamkorlikda ularning “CT TECH” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamovning so‘zlariga ko‘ra, terrorizm o‘zining barcha shakl va ko‘rinishlarida jahon hamjamiyati uchun eng jiddiy tahdidlardan biri hisoblanib, global barqarorlikka putur yetkazadi, shuning uchun unga qarshi kurash huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ustuvor vazifasi bo‘lib qolaveradi. 2021 yilda kiberjinoyat keltirgan dunyo miqyosidagi ziyon 8,5 trillion AQSH dollarni tashkil etdi. Kompyuter orqali amalga oshiriladigan tovlamachilik jinoyatlarining global harajatlari kelgusi besh yil ichida har yili 23 foizga o‘sishi bashorat qilinmoqda.
2020 yilning oktyabr oyida BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan “yo‘l xaritasi” imzolangan bo‘lib, unda mazkur tadbirni o‘tkazish belgilangan. Tadbir doirasida ishtirok etuvchi mutaxassislar Markaziy Osiyoda kiberterrorizmga qarshi kurashda virtual tarmoqni yaratish istiqbollarini muhokama qiladi, terrorizmga qarshi kurashda javob beruvchi milliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishda qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalar bilan tanishadi. Bu yerda terrorchilar tomonidan yangi texnologiyalar qo‘llanishiga qarshi kurashning samarali usullari taqdim etiladi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim ezgulik yo‘lida foydalanish mumkin bo‘lgan texnologiyalar va kompyuterlardan terrorchilar ham foydalanishi mumkinligini ta’kidladi. Shu sababli tajriba almashish va Internet tarmog‘idagi jinoiy faoliyatga qarshi kurash uchun zarur bo‘lgan eng yaxshi amaliy ko‘nikmalarni o‘rganib olish lozim.
“Cybersecurity and New Technologies” seminari shu yilning 26 sentyabr kuni yakunlanadi.
Roman Bondarchuk, O‘zA