Kiberjinoyatchilik – chegara bilmaydigan transmilliy hodisa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Toshkentda o‘tkaziladigan Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspertlari forumi yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda SMTI, ITIM, XMATM tashkilotlari, AKT vazirligi, O‘zkomnazorat va boshqa mas’ul idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, “Gibrid” formatda xorijiy ishtirokchilarni onlayn tarzda jalb qilgan holda tashkil etilayotgan axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha muloqot Hamdo‘stlik mamlakatlarining 50 dan ziyod yetakchi ekspertlarini jamlashi kutilmoqda. Unda nafaqat xalqaro tashkilotlar va MDH mamlakatlari yetakchi tahliliy markazlarining vakillari, balki tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ham qatnashadi.
– Nufuzli ishtirokchilar tarkibi axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi so‘nggi tendensiyalarni muhokama qilish, ushbu sohada noqonuniy holatlarga qarshi kurashishning maqbul usullarini ishlab chiqishda puxta o‘ylangan va muvofiqlashtirilgan yondashuvni kelishib olish imkonini beradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sanjar Valiyev.
– Jamiyat, davlat va biznes raqamlashishi sur’atlarini bir necha barobar tezlashtirgan pandemiyaning global oqibatlari ham forumning dolzarbligini va o‘z vaqtida o‘tkazilayotganini tasdiqlamoqda. O‘zbekiston tomonidan tashkil etilayotgan birinchi mazkur forum raqamlashtirish sohasidagi so‘nggi tendensiyalar va yutuqlar bo‘yicha fikr almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi. Tadbir axborot makonida dolzarb xatarlarga qarshi kurashishdagi ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashish imkonini beradi.
[gallery-2881]
Darhaqiqat, hozirgi vaqtda axborot globallashuvining umumjahon jarayonlari rivojlanishi sharoitida iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini, davlat boshqaruvi tizimlarini va jamiyat hayotini ta’minlashda ro‘y berayotgan keng miqyosli raqamlashtirish, axborot xavfsizligi muammolari ko‘plab davlatlar uchun dolzarb bo‘lib bormoqda.
Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanib, hayotning barcha sohalariga kirib borayotgani bir qancha afzalliklar tug‘dirayotgani bilan birga, yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini muhim infratuzilma ob’ektlariga zarar yetkazish uchun suiiste’mol qilish xavfi ham ortib bormoqda.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilda xakerlik hujumlari tufayli jahon iqtisodiyoti trillion dollardan ziyod zarar ko‘rdi. Bu ikki yil oldingi ko‘rsatkichdan ellik foizga ko‘pdir. Ushbu davrda kiberjinoyatchilar faoliyatidan yetkazilgan zararning umumiy miqdori jahon yalpi ichki mahsulotining bir foizini tashkil etdi.
Bu salbiy holat mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. O‘zbekiston Respublikasi Kiberxavfsizlik markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari veb-saytlariga nisbatan sodir etilgan hujumlar sonining 144 foizga o‘sishi holati kuzatildi.
– Kiberjinoyatchilik bugungi kunda chegara bilmaydigan transmilliy hodisaga aylandi, – deydi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi bo‘lim boshlig‘i Murod Uzoqov. – Unga qarshi kurashni faqat umumiy harakatlar orqali, birgalikda amalga oshirish mumkin. Shu munosabat bilan zamonaviy kiberxavfsizlik tahdidlari va hodisalariga nisbatan chora ko‘rish, hodisalarni tergov qilish va jinoyatchilarni aniqlash bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish zarur.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston AKT va axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori bo‘lib, xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yaqin kunlarda o‘tkaziladigan xalqaro MDH ekspertlari forumi mamlakatimizning xorijiy sheriklar bilan raqamlashtirish va kiber tahdidlarga qarshi kurashish sohasidagi o‘zaro hamkorlikni samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Mohigul QOSIMOVA, O‘zA