Kengash aralashuvi bilan adolat qaror topdi
Prezidentimizning 2017 yil 10 oktyabrda qabul qilingan «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori sohada yangi imkoniyatlar eshigini ochishda qo‘l kelmoqda.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tizimli ishlar olib bormoqda.
Aslida ham O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining asosiy vazifalaridan biri fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida hamda sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda ham kengash kamarbasta bo‘ladi.
Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda klasterlar bilan ularga mahsulot yetkazib beruvchilar o‘rtasida turlicha tortishuvlar va tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Aslida buning hammasi sohaga tegishli me’yoriy hujjatlarga amal qilmaslik va ularni yaxshi bilmaslik sababli yuzaga kelmoqda. Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 martda qabul qilingan qarorida 2021 yilda kutilayotgan minimal narxlarga nisbatan rag‘batlantiruvchi koeffitsent joriy etish ko‘zda tutilgan. Ya’ni g‘o‘zaning seleksion navlari belgilangan bo‘lib, unga asosan g‘o‘zaning Buxoro-6, Buxoro-8, S-6524, Namangan-77, Buxoro-102 seleksion navlari uchun rag‘batlantiruvchi 1,15 koeffitsiyent qo‘llanilishi nazarda tutilgan.
Ammo hududlarda faoliyat yuritayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan ushbu rag‘batlantiruvchi koeffitsiyent qo‘llanilmayotganligi aniqlanmoqda. Misol uchun, Qashqadaryo viloyatidagi «Ulash hoji Jalil o‘g‘li» fermer xo‘jaligining rahbari A.Normurodov Yakkabog‘ tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga ariza bilan murojaat qilib, javobgar «Oq saroy klaster» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 2021 yilda topshirilgan paxta xom-ashyosiga hisoblangan 1,15 foiz koeffitsent summasini undirib berishda amaliy yordam so‘ragan.
Aniqlanishicha, «Oq saroy klaster» mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan fermer xo‘jaligi o‘rtasida 2021 yilning 20 yanvarida paxta xom ashyosi va urug‘lik paxta yetishtirib topshirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, fermer xo‘jaligi 170,0 tonna paxta xom ashyosi yetishtirib topshirgan.
Demak, Vazirlar Mahkamasining 2021 yilning 4 martida qabul qilingan «Mavjud yer maydonlardan samarali foydalanish va 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risida»gi qarorning 8-ilovasida «2021 yilda kutilayotgan minimal narxlarga nisbatan «Buxoro-6», «Buxoro-8», «S-6524», «Namangan-77», «Buxoro-102» navlariga rag‘batlantiruvchi 1,15 foiz koeffitsent joriy qilib to‘lash» tasdiqlangan. «Oq-saroy klaster» MCHJ esa mazkur qaror ijrosi ta’minlamagan.
Mazkur holat bo‘yicha Yakkabog‘ tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Yakkabog‘ tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritdi. Ish sudda ko‘rib chiqilib, fermer xo‘jaligi yetishtirib topshirgan paxta xom ashyosi uchun 1,15 foiz koeffitsent summasi ya’ni 189 355 560 so‘m haqdorlik «Oq-saroy klaster» MCHJdan fermerga undirib berildi.
Agar Qashqadaryo viloyati misolida ko‘radigan bo‘lsak, joriy yilning may holatida Yakkabog‘ tumanlararo iqtisodiy sudiga Yakkabog‘ tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi 37 nafar fermer xo‘jaligi manfaatini himoya qilib ariza kiritdi. Bunda «Oq saroy klaster» MCHJga nisbatan kiritilgan bo‘lib, klaster 2021 yilda topshirilgan paxta xom-ashyosiga 1,15 foiz hisoblangan rag‘batlantirish koeffitsenti undirish to‘g‘risida bo‘lib, taqdim etilgan barcha hujjatlarga huquqiy baho berildi. Natijada da’vogarlar 37 nafar fermer xo‘jaligi foydasiga hal qiluv qarorlari qabul qilindi.
Z.Mustafaqulov,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi raisining
Huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari