Kelgusida fermer va klasterlar hamkorligi qanday bo‘ladi?
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirish aholining 60 foizidan ortiq qismi yashayotgan qishloqlarning farovonlik darajasini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Hozirda yurtimizda 81 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. O‘tgan davrda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, jumladan fermer xo‘jaliklariga imtiyozlar joriy etish bo‘yicha qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Ulardan biri- Prezidentimizning 2018 yil 27 dekabrda qabul qilingan «Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qarori. Unga ko‘ra, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga imtiyozlar joriy etildi. Natijada so‘ngi 3-4 yilda paxta, g‘alla va boshqa sohalarda 681 ming gektardan ziyod maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Ayniqsa, paxtada tomchilatib sug‘orishni joriy etgan fermer va boshqa xo‘jaliklarlar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har gektariga 8 million so‘mdan subsidiya berilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sug‘orish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz arajatmalari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 mln.so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizli punkti miqdorida qoplab berilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida esa paxtada tomchilatib sug‘orishni joriy etgani uchun gektariga 12 million so‘mdan subsidiya berish joriy etildi.
Davlatimiz rahbarining «Paxtachilik sohasida bozor tomoillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tomoillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari ham qishloq xo‘jaligida erkin raqobatni ta’minlab, bozor iqtisodiyoti tamoyillarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, paxta va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasi, xarid narxining belgilanishini bosqichma-bosqich bekor qilib, dehqonlarimiz mehnatining iqtisodiy samaradorligi hamda manfaatdorligi oshishiga erishilmoqda.
Ayni vaqtda qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Kelgusi besh yilda qishloq xo‘jaligida hosildorlikni kamida 2 barobar ko‘tarish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, soha eksportini 7 milliard dollarga yetkazish, aholi bandligi va daromadlarini yanada oshirish shular sirasidandir.
Klasterlar 5 mingdan ortiq yuqori unumli texnika olib keldi, 126 ming gektar maydonda suv tejash texnologiyalari joriy qilindi. Paxta hosilini moliyalashtirish shudgor davridan, ya’ni oktyabr oyidan boshlanadi. Bundan buyon, klasterlarga kreditlar 24 oy muddatga ajratilib, uning imtiyozli davri amaldagi 11 oydan 18 oygacha uzaytiriladi. Bu tizimni joriy etishga byudjetdan 10 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Shu maqsadda Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga yil yakuniga qadar qo‘shimcha 100 million dollar ajratiladi.
Kelgusi yildan ip-kalavani qayta ishlaydigan klasterlarga kredit olishda paxta xomashyosi va tolasini garovga qo‘yish amaliyoti joriy etiladi.
G‘allachilik klasterlari va fermerlarga bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi beriladi. Bunda, klaster va fermer xo‘jaliklari 3 yil davomida har gektardan 2,5 tonna g‘allani birja savdolariga chiqarishi talab etiladi. Qolgan hosilni esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqi beriladi.
Meva-sabzavotchilik klasterlariga aylanma mablag‘ uchun, jamg‘arma hisobidan 1 yil muddatga 10 foizdan kredit resurslari ajratiladi. Yurtimizda 200 ming gektar past hosilli paxta va g‘alla maydoni qisqartirilishi rejalashtirilgan. Bu maydonlar aholiga tanlov asosida, uzoq muddatli ijaraga beriladi. Ehtiyojmand oilalarga dehqonchilik sirlarini o‘rgatish va ko‘maklashish uchun 100 million so‘mgacha bo‘lgan meva-sabzavotchilik loyihalariga «Har bir oila – tadbirkor» dasturi shartlari asosida kredit beriladi.
Fermer va klasterlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, kelgusi yildan boshlab, texnika sotib olish bo‘yicha kreditlarning 10 foizdan yuqori qismi davlat tomonidan qoplab berilishi belgilandi. Shuningdek, import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi. Natijada klaster va fermerlar texnikani 35 foizgacha arzon xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu tariqa fermer va klaster korxonalariga yuqoridagi imtiyozlarning berilishi mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining yanada rivojlanishiga hamda mahsulotlarimizning qayta ishlanib ichki bozorlarimizni arzonlashtirishga va tayyor mahsulotlarimizning eksport qilish imkoniyati yanada kengayishiga xizmat qiladi.
Z.Allamuradov
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i