Kelajakning siyosiy irodasi va millionlar shijoati: O‘zbekiston yoshlar ligasi davri
Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, har qanday buyuk uyg‘onish va yuksalish davrlarining zamirida hamisha ikkita buyuk kuch mujassam bo‘lgan: ularning birinchisi — porloq aql-zakovati va shijoati bilan dunyoni o‘zgartirishga qodir bo‘lgan navqiron avlod bo‘lsa, ikkinchisi — shu avlodga cheksiz ishonch bildirib, unga tog‘dek tayanch bo‘la olgan uzoqni ko‘ruvchi siyosiy irodadir. Bugun biz guvohi bo‘layotgan Yangi O‘zbekiston zaminida aynan mana shu ikki kuchning tarixiy uchrashuvi va uyg‘unligi sodir bo‘lmoqda.
Davlat rahbarining Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi shunchaki bayram tabrigi yoki rasmiy ma’ruza emas. Bu — yuragida Vatan ishqi, ko‘zida porloq kelajak sog‘inchi bo‘lgan millionlab yigit-qizlarimizning qalbiga yo‘l topgan, ularni yangi marralar sari ruhlantirgan tarixiy dasturil amaldir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun dunyo o‘zgargan — davlatlar endi hududi yoki aholisining soni bilan emas, balki aynan bilimi, texnologiyasi va inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda. Bilimlar iqtisodiyoti hal qiluvchi kuchga aylangan ushbu asrda, o‘zbek yoshlari shunchaki islohotlarning tomoshabini emas, balki Uchinchi Renessans poydevorini o‘z qo‘llari va tafakkuri bilan barpo etuvchi asosiy lokomotiviga aylanmoqda.
Mamlakatimizda yoshlar siyosati qog‘ozlardagi balandparvoz rejalardan amaliy hayotga — har bir xonadon va mahalla bag‘riga ko‘chdi. Har bir mahallada tashabbuskor “Yoshlar yetakchisi” korpusining shakllantirilgani va har haftaning payshanba kuni Yoshlar kuni sifatida davlat idoralarining bosh kun tartibiga aylantirilgani tizimning tubdan o‘zgarganidan dalolatdir. Bu maqsadga nafaqat Yoshlar ishlari agentligi va Mahallalar uyushmasi, balki Davlat xavfsizlik xizmati va barcha vazirliklar tizimli ravishda safarbar etildi. Natijalar esa ko‘p kuttirmadi: birgina “Yoshlar daftari” orqali hayotda o‘z yo‘lini topishda qiyinchilikka uchragan 1,5 million nafar yigit-qizning muammosi hal etildi. Ko‘rsatilgan yuksak ishonch va yaratilgan qulay biznes muhiti evaziga yosh tadbirkorlar soni 5 karra ortib, 287 ming nafardan oshdi. Xorijiy tillarni qunt bilan o‘rganayotgan o‘g‘il-qizlarimiz soni esa bugun 3,5 million nafarga yetdi. Eng quvonarlisi, tarbiyasi og‘ir, e’tibordan chetda qolgan yoshlarning hokimlar va huquq-tartibot idoralari rahbarlariga biriktirilishi natijasida keyingi ikki yilda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik 2,5 barobarga kamaydi.
Davlat rahbari Namangan viloyatida sinovdan o‘tgan “Bir oy — to‘rtta mahalla” loyihasi va “mahalla ustozi” tizimini butun respublikaga ommalashtirishni vazifa qilib qo‘ydi. Bundan buyon Bosh vazir nazorati ostida har bir rahbarning faoliyati yil yakunida yoshlar bilan qanday ishlaganiga qarab baholanadi: yuqori natija ko‘rsatganlar moddiy rag‘batlantirilib, davlat mukofotlariga tavsiya etilsa, mas’uliyatsizlik qilganlarga nisbatan qattiq choralar ko‘riladi.
Bu yil maktab partasini tark etgan 472 mingdan ziyod bitiruvchining taqdiri davlatning diqqat markazida turibdi. Ularning 300 mingga yaqini oliygohlarda, 80 ming nafari texnikumlarda ta’limini davom ettirsa, qolgan yigit-qizlarni kasb-hunarli qilish va oliygohni tugatgan bitiruvchilarning bandligini ta’minlash uchun Milliy bank va Aloqabank singari yirik moliyaviy tuzilmalar safarbar etilmoqda. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, bugungi kunning muvaffaqiyat formulasi uchta eng muhim ustunga — bilim, kasb va texnologiyaga tayanadi. Shu bois mamlakatimizda yiliga 500 ming nafar o‘g‘il-qizning zamonaviy kasb egallashini ta’minlaydigan “Kelajak bilimlari ekotizimi” joriy etilmoqda. Ushbu yangi tizim doirasida yoshlarga ta’lim markazlari ochish uchun yer va davlat ob’ektlari 5 yil muddatga foizsiz, bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi, infratuzilma davlat tomonidan barpo etilib, kredit stavkalarining 7 foizi kompensatsiya qilinadi. Hattoki, xorijdan ilg‘or o‘quv dasturlari va ustozlarni olib kelgan tadbirkorlar xarajatining yarmini davlat o‘z zimmasiga olmoqda. Mehnat bozorining xalqaro talablari asosida ko‘nikma egallashni istagan yoshlarga foizsiz ssuda shaklidagi “kasb vaucherlari” beriladi va ehtiyojmand oilalardagi 85 ming nafar ishsiz yoshga xususiy markazlarda bepul o‘qish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun davlat birgina joriy yilning o‘zida 120 milliard so‘m mablag‘ ajratdi.
Zamonaviy kasb-hunar ta’limining o‘zagi bo‘lgan texnikumlar faoliyatida ham xususiy sektor ishtirokini kengaytirish uchun 20 dan ortiq ortiqcha litsenziya talablari bekor qilindi va yangi o‘quv yilidan boshlab ularga davlat grantlari ajratiladigan bo‘ldi. Xalqaro kasb tanlovlarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘targan texnikum o‘quvchilari 100 million so‘m, ularning ustozlari esa 50 million so‘m mukofot oladi. Bugun xorijiy tillarni mukammal biladigan 650 mingdan ortiq yoshlarimizning salohiyatidan unumli foydalanish maqsadida Raqamli kontent platformasi ishga tushirilib, har yili 20 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Xorijda ta’lim olayotgan 150 mingdan ziyod vatandoshlarimiz esa Savdo-sanoat palatasi va turizm sohasi ko‘magida mahalliy eksportchi korxonalarga bog‘lanadi. Ular o‘zlari o‘qiyotgan davlatlardagi bozor ehtiyojlarini tahlil qilib, milliy mahsulotlarimiz brendini dunyoga targ‘ib qiladilar. Bu esa talabalarga ham qo‘shimcha grantlar va yuqori daromad keltiradi. Milliy aviakompaniyamizning xorijdagi vakolatxonalarida ham ular uchun maxsus targ‘ibot stendlari yaratiladi. Shuningdek, oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar uchun daromad va ijtimoiy soliqning bir yil davomida atigi 1 foiz qilib belgilanishi 200 mingga yaqin yosh mutaxassislar uchun yangi ish eshiklarini ochadi.
Davlat siyosatining eng go‘zal insonparvarlik fazilati — hech bir farzandini e’tibordan chetda qoldirmasligida namoyon bo‘ladi. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, migratsiyadan yoki harbiy xizmatdan qaytgan, imkoniyati cheklangan 1 million nafar yoshlarimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar daftari” tizimi tubdan transformatsiya qilinmoqda. Endilikda “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi doirasida uyushmagan yoshlarga “ustoz-shogird” an’anasi asosida kasb o‘rgatilib, ularga ko‘mak bergan talabalarga magistraturaga kirishda qo‘shimcha ballar beriladi. O‘z brendiga ega yoshlar uyushmagan tengdoshlariga biznesni o‘rgatsa, ularga 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladigan “Yoshlar mini-franshizasi” dasturi ishga tushiriladi va bunga 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ijtimoiy xavf guruhidagi bolalarni san’at, sport va ta’limga yo‘naltirish orqali huquqbuzarliklarning oldini oluvchi “Qanot” loyihasi ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Davlat rahbari yoshlar orasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishni umummilliy harakatga aylantirib, jinoiy javobgarlikni keskin kuchaytirganini, sog‘lom genofondni asrash yo‘lida bu baloni tag-tomiri bilan quritmaguncha to‘xtamasligini qat’iy ta’kidladi.
Bugun yurtimizda yillik aylanmasi 50 dan 500 milliard so‘mgacha bo‘lgan marralarni zabt etayotgan yangi avlod vakillari — “yosh chempion tadbirkorlar” paydo bo‘ldi. Ularning safini kengaytirish uchun Bank-moliya akademiyasi yoshlar tadbirkorligining “aql markazi” ga aylantiriladi, istiqbolli loyihalarga 5 milliard so‘mgacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi. Oxirgi to‘qqiz yilda mahalliy startap ekotizimimiz 15 barobar o‘sib, 4 milliard dollardan oshdi va O‘zbekiston “Global startap indeksi” da 31 pog‘ona yuqorilab, dunyoda “2026-yil mamlakati” deb e’lon qilindi. Endilikda har bir vazir va hokim kamida 10 milliard so‘mlik venchur jamg‘armasini tashkil etgan holda “1 mingta masalaga — yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasini yo‘lga qo‘yadi.
Yangi asr — raqamli texnologiyalar va global intellektual musobaqalar davridir. Raqamli hukumat markazida birinchi superkompyuter klasterining ishga tushirilishi va oliygohlarda sun’iy intellekt laboratoriyalarining tashkil etilishi yoshlarimizga yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Respublika bo‘ylab barpo etilayotgan 100 ming kvadrat metr maydonga ega yirik IT parklar 20 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz uchun yuqori daromadli ish o‘rni yaratadi. Ehtiyojmand oilalardagi 10 ming nafar yoshga noutbuk olish xarajatining yarmi qoplab beriladigan “Mening birinchi kompyuterim” dasturi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi davlat stipendiyasi, shuningdek, xususiy oliygohlarga ham tatbiq etiladigan “Muhandis qizlar” stipendiyasi iqtidor egalari uchun yuksak rag‘batdir. Hattoki, yoshlarning vaqti raqamli makonda o‘tayotganini inobatga olib, milliy ruhdagi kompyuter va mobil o‘yinlar yaratish uchun yiliga 10 milliard so‘mlik davlat buyurtmasi berib boriladi.
Ushbu barcha islohotlarning eng yirik va muhim zanjiri — 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 9 million 300 ming nafar yoshlarning ma’lumotlar bazasini yaxlit portfolio shaklida birlashtiruvchi “O‘zbekiston yoshlar ligasi” umummilliy harakatining tashkil etilishidir. Bu platformada yuqori ball to‘plagan yigit-qizlarga ta’limda grantlar, kasb o‘rganishga vaucherlar, tadbirkorlikda imtiyozli kreditlar, davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasiga kirish va imtiyozli ipoteka uy-joylari avtomatik ravishda taqdim etiladi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali esa endilikda nafaqat davlat, balki xususiy sektor buyurtmasi asosida ham yoshlar dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu tashabbuslarning barchasini moliyalashtirish uchun kelgusi uch yilda davlat tomonidan 1,5 trillion so‘m va xorij fondidan 100 million dollar mablag‘ ajratilishi butun mamlakat miqyosidagi ulkan qadamdir.
Prezidentning bayram nutqida ilgari surilgan har bir tashabbus, ajratilayotgan trillionlab mablag‘lar va yaratilayotgan misli ko‘rilmagan sharoitlar zamirida faqat birgina oliy maqsad mujassam: u ham bo‘lsa — bu muqaddas tuproqda voyaga yetayotgan har bir yigit-qizning qalbida milliy g‘urur, daxldorlik tuyg‘usini va o‘z kuchiga bo‘lgan cheksiz ishonchni uyg‘otishdir.
Qadrli farzandlarim, deya chuqur mehr va mas’uliyat bilan murojaat qilgan Davlat rahbarining so‘zlari bugun har bir o‘zbek yoshining qalb sadosiga aylanishi lozim. Zero, bugungi navqiron avlod — buyuk sivilizatsiyalarga asos solgan, insoniyat tafakkurining “aql chirog‘i” bo‘lgan Xorazmiylar, Farg‘oniylar, Ibn Sinolar va Mirzo Ulug‘beklarning tom ma’nodagi qondoshi va vijdoniy vorisidir. Ammo vorislik — bu faqat o‘tmish bilan faxrlanish emas, balki ajdodlar sha’niga munosib bo‘lish, Yangi O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri poydevorini yaratishdek ulug‘vor va tarixiy mas’uliyatdir.
Katta marralar sari tashlangan har bir dadil qadamingizda, ilmga tashnalik va yangilikka intilishingizda unutmang: ortingizda sizni dunyoga keltirgan ota-onangiz, oq sut berib voyaga yetkazgan ona-Vataningiz, kelajagingizga ishonib ko‘z tikib turgan xalqimiz va sizga tog‘dek tayanch bo‘lib turgan Yurt Prezidenti bor! Niyatingiz ulug‘, qaddingiz baland, yo‘lingiz hamisha ochiq bo‘lsin, Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagi va porloq tongi!
A.G‘afforov,O‘zA