Kelajakka rahna solayotgan illat
bugungi kunda o‘sib kelayotgan yosh avlod kelajagiga raxna soluvchi salbiy illatlar faqatgina tamaki chekish, alkogol mahsulotlari yoki giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish bilan cheklanib qolmayapti.
So‘ngi vaqtlarda ko‘plab yoshlarimiz orasida kuchli ta’sir qiluvchi hamda tarkibida psixotrop moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalariga qaramlik illatiga ruju qo‘yish holatlariga ham duch kelyapmiz. O‘z o‘rnida, bu illat yosh oilalarning barbod bo‘lishiga, bolalarning tirik yetim qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Xo‘sh, kuchli ta’sir qiluvchi yoki psixotrop moddalar o‘zi nima?
Ularga qisqacha ta’rif beradigan bo‘lsak, ta’rif quyidagicha:
• O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq,
psixotrop moddalar — psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilgan
va O‘zbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy moddalar bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrdagi 330-sonli
“Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan moddalardir.
• Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar — o‘z nomi bilan inson organizmiga kuchli ta’sir etuvchi moddalar bo‘lib, ulardan og‘riq qoldirishda yoki ma’lum bir dori vositalari bilan birgalikda foydalaniladigan dori vositalari va boshqa moddalar tushuniladi. Mazkur moddalar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi 818-sonli
“O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
Zararli illatga qarshi qanday kurash olib borilmoqda?
Bojxona organlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda kuchli ta’sir qiluvchi, psixotrop hamda tarkibida psixotrop moddalari mavjud bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish hamda ularni oldini olish borasida doimiy kurash olib borilmoqda.
Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan 2021 yil 10 oyi mobaynida psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 15 ta holat aniqlangan bo‘lib, 400 ga yaqin psixotrop tabletkalari, 5 kg.dan ortiq kuchli ta’sir etuvchi moddalar va 13 mingdan ortiq nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yilgan.
Misol uchun, boshqarmaning Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlarining Davlat xavfsizlik xizmati hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o‘tkazgan tezkor tadbiri natijasida xonadonlarning birida qiymati salkam 200 million so‘mlik 3400 donadan ziyod kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan.
Bu kabi aniqlangan ko‘plab qonunbuzarlik holatlarini misol tariqasida keltirish mumkin. Mazkur aniqlanayotgan holatlarda qonuniy javobgarlikka tortilayotgan aksariyat shaxslarning hali 30 yoshga kirmaganligi kishini o‘ylantirsa, ayrimlarining huquqiy savodxonligi yo‘qligi yoki qonun oldidagi javobgarlik mas’uliyatidan umuman bexabarligi ajablantiradi.
Qonun oldida javobgarlik
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 246-moddasida kuchli ta’sir qiluvchi va psixotrop moddalar kontrabanda ashyosi sifatida keltirilgan bo‘lsa, ushbu Kodeksning 2511-moddasida mazkur moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik uchun (bunda mazkur moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoxud ularni o‘tkazish maqsadida tayyorlash yoxud qayta ishlash uchun asbob-uskunalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki o‘tkazish harakatlari nazarda tutiladi):
• bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;
• o‘sha harakatlar takroran yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;
• ushbu harakatlar uyushgan guruh tomonidan yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;
- Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni ishlab chiqarish, olish, saqlash, hisobga olish, berish, tashish yoxud jo‘natish qoidalarni buzish, agar bu ehtiyotsizlik orqasida ularning o‘g‘irlanishiga yoki boshqa tarzda jiddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu Kodeksning XIX bobida psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar, ya’ni:
• psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish uchun;
• psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda (o‘g‘rilik yoki firibgarlik yo‘li bilan) egallash uchun;
• psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek ularni ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda o‘tkazish uchun;
• psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni har qanday shaklda iste’mol qilishga jalb etish uchun;
• psixotrop moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, hisobga olish, berish, tashish yoki jo‘natishning belgilangan qoidalarini buzish uchun;
• psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki jo‘natish uchun
mazkur harakat (yoki harakatsizlik) natijasining og‘irlashtiruvchi yoki aks holatiga qarab, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdoridagi jarima jazosidan boshlab yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazolar belgilangan.
Bundan tashqari, Xalqaro pochta Konvensiyasida, O‘zbekiston Respublikasi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasida hamda Adliya vazirligidan 2011 yil 18 aprelda 2219-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari”da psixotrop moddalar va prekursorlarni jo‘natish taqiqlanishi, bunda faqatgina qonunchilikda nazarda tutilgan alohida hollar mustasnoligi aniq belgilab qo‘yilgan.
Shunga qaramasdan, so‘ngi vaqtlarda respublikamiz hududiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning kirib kelishi “urf”ga aylandi. Ma’lumot uchun, yuqorida keltirib o‘tilgan aniqlangan huquqbuzarlik holatlarining 35 % i xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarida aniqlangan holatlardir.
Yuqorida keltirilgan raqamlar va dalillar har birimizni yaqinlarimiz tinchligi hamda farzandlarimiz kelajagi uchun, qolaversa mamlakatimiz ertasi uchun javobgarlik mas’uliyatiga jiddiy yondashishga, ularni mazkur illatdan asrashga chorlaydi.
Bunda har birimiz o‘z yaqinlarimiz, farzandlarimiz, oila a’zolarimiz hamda fuqarolarimiz o‘rtasida bu illatga qarshi targ‘ibot
va tashviqot ishlarini olib borishimiz, imkon darajasida har bir inson ongi va irodasida ushbu illatga qarshi immunitetni shakllantirishimiz lozim.
Zero, farzandlari sog‘lom yurtning kelajagi buyuk bo‘ladi.
Akmal JALILOV,
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi
boshlig‘i o‘rinbosari