Kelajak yetakchilari Buxoroda bellashdi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Yilning eng faol o‘quvchisi” respublika tanlovi tashkil etildi.
Mazkur tanlovning asosiy maqsadi kasbiy ta’lim tizimida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va intellektual salohiyatini rivojlantirish bilan birga, tashabbuskorlik qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda mustaqil va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yosh avlodni shakllantirishdan iboratdir.
Tanlovning respublika bosqichi Buxoro davlat universitetida bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, joriy yilgi saralash jarayonlarida respublika miqyosida kasbiy ta’lim tashkilotlarining 3000 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilari ishtirok etdi. Bir necha bosqichli qizg‘in bellashuvlar natijasida eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan 300 nafar ishtirokchi final bosqichiga yo‘llanma oldi. Yakuniy bosqichda 5 ta nominatsiya bo‘yicha saralab olingan 25 nafar eng faol o‘quvchi o‘zaro kuch sinashdi. Ishtirokchilar o‘z bilimlari, ijtimoiy faolligi, ijodiy va tashabbuskorlik salohiyatini namoyish etish orqali soha mutaxassislari hamda hakamlar hay’atining e’tiboriga sazovor bo‘ldi.
Sinovlar bilan bir qatorda, ishtirokchilarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini mustahkamlash maqsadida Buxoro shahrining muqaddas qadamjolari va tarixiy obidalari bo‘ylab ma’naviy-ma’rifiy sayohatlar tashkil etildi. Tanlov jarayonlarini san’at va madaniyat sohasi vakillari, yoshlar tashkilotlari faollari, yetakchi olimlar hamda ijodkorlardan iborat nufuzli hakamlar hay’ati belgilangan nizom talablari asosida xolisona baholab bordi.
[gallery-27529]
Tanlov yakuniga ko‘ra, eng munosib deb topilgan ishtirokchilar g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi va tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, yakuniy bosqichning barcha qatnashchilariga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tashakkurnomalari topshirilib, ularning ijtimoiy hayotdagi faolligi munosib e’tirof etildi.
Ushbu tadbir yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim va keng dunyoqarashga ega bo‘lishini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA