Kelajak o‘yinlari-2026: O‘zbekiston fijital-futbol jamoasi Ostonada 85 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida 8 ta fijital sport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan “Kelajak o‘yinlari - 2026” musobaqalarining final bosqich bahslari yakunlandi.
50 ga yaqin davlatning 800 nafardan ortiq eng mahoratli fijital sportchilari ishtirok etgan “Kelajak o‘yinlari-2026”ning final musobaqalarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan “FC OLYMPIC PHYGITAL” jamoasi fijital-futbol o‘yinlarida muvaffaqiyatga erishdi.
Saralash musobaqalarini muvaffaqiyatli o‘tkazgan mamlakatimiz vakillari chorak final bosqichida Rossiya Federatsiyasining FFK “ROTOR CISS GROUP” jamoasini mag‘lub etdi.
Maydonda va maydon tashqarisida kompyuter futbolidagi murosasiz bahslarda g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etgan O‘zbekiston jamoasi yarim finalda Urugvayning “NS Team” jamoasiga qarshi asosiy bahsda 1:1 hisobida durangga erishdi. Penaltilar seriyasida 2:3 hisobida imkoniyat boy berdi va 3-o‘rin uchun kurashda Gvatemala jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

Bronza medali uchun bahsda O‘zbekiston Gvatemalaning “Club Holcattes” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etdi va “Kelajak o‘yinlari-2026”ning bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, 1-o‘rindan joy olgan Urugvayning “NS Team” jamoasi 150 ming AQSH dollari bilan taqdirlangan bo‘lsa, 2-o‘rinni band etgan Meksikaning "Quetzales-Armadillos” fijital-futbolchilariga 85 ming AQSH dollari nasib etdi. Bronza medali sohibi bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchilar jamoasiga 85 ming AQSH dollari tegishli bo‘ldi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA