Kelajak egalari bilan ochiq muloqot
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatidagi “Eko shahar” hududida joylashgan Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan texnikumda Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda mamlakatimizda kasbiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash, yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirish hamda ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, o‘g‘il-qizlarga xorijiy tillarni o‘rganish, axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish, startap va innovatsion loyihalarda ishtirok etish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
[gallery-29855]
Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, ta’lim jarayonini takomillashtirish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish va iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlashga doir takliflarini bildirdi.
Azimjon Husanov o‘quvchilar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, xususan, texnikumda faoliyat yuritayotgan sport va IT to‘garaklari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Ta’kidlanganidek, bunday uchrashuvlar yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammo va takliflarini o‘rganish hamda kasbiy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA