Kelajak AT mutaxassislari katta hayot sari qadam qo‘ydi
Yoshlarga qaratilayotgan e’tibor ularning kelajagiga bo‘lgan yuksak ishonch va g‘amxo‘rlikning yana bir ifodasi bo‘lmoqda.
Ana shunday e’tiborning amaliy namunasi sifatida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bakalavriat bosqichi bitiruvchilarini tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, soha korxonalari va tashkilotlari rahbarlari, universitetning faxriy professor-o‘qituvchilari, bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Marosimda so‘zga chiqqan mehmonlar universitetni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarni samimiy qutlab, bugungi kun ularning hayotidagi eng muhim va mas’uliyatli bosqichlardan biri ekanini ta’kidladi. Qayd etilganidek, bugun yoshlarga berilayotgan imkoniyat va e’tibor ularning ertangi kuniga bo‘lgan katta ishonchdan dalolat beradi.

Ayniqsa, vazirning shaxsan bitiruvchilarni tabriklash va kuzatuv marosimida ishtirok etishi davlat tomonidan yosh kadrlar kelajagiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi.

Sherzod Shermatov o‘z nutqida bitiruvchilarga kelgusidagi kasbiy faoliyatida ulkan zafarlar, doimiy izlanish va yangi marralarni zabt etishni tilab, o‘z bilim va salohiyatini yurt taraqqiyoti yo‘lida samarali safarbar etishga chaqirdi.
Tadbir yakunida bitiruvchilarga esdalik yorliqlari tantanali ravishda topshirildi. Ta’kidlanganidek, universitetda olingan bilim va orttirilgan tajriba ularning katta hayot sari qo‘yayotgan ilk qadamlarida mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
Nigora Rahmonova, O‘zA