Keksalarni e’zozlash ezgu fazilat
Buxoro viloyati Peshko‘ tumanida viloyat hokimligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda tuman hokimligi hamkorligida «Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat» shiori ostidagi «Keksalar haftaligi» doirasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini Mahallameron qishlog‘ida yashovchi 101 yoshli Shodi ota Sanoyev xonadoni bo‘ldi. O‘smirligi ikkinchi jahon urushi davriga to‘g‘ri kelgan otaxonning umri qishloqda, sobiq “Oktyabr” kolxozida suvchilik, brigadirlik, cho‘ponlik bilan o‘tgan. Front orti zahmatkashlari safida balog‘at yoshiga yetmasidan og‘ir mehnatga ko‘nib, ro‘zg‘orining barcha qiyinchiliklarini o‘z bo‘yniga olgan.
Turmush o‘rtog‘i Malika aya Izzatova bilan qo‘sha qarish baxti nasib etgan Shodi boboning 12 farzandidan bugunga kelib biri vafot etgan bo‘lsa, qolganlari xalq xo‘jaligining turli jabhalarida ishlab, hayotda o‘z yo‘lini topib, ayni kunda o‘z oilaviy sulolalariga asos solishgani ham haqiqat.
Tabarruk xonadoni qo‘ni-qo‘shni, yoshlar, jamoatchilik vakillari bilan gavjum bo‘lgan otaxon hayot yo‘li haqida gapirib berdi. Bugun Shodi bobo va uning turmush o‘rtog‘i Malika ayaning 67 nafar nevarasi, 29 nafar evarasi, 8 nafar chevarasi bor.
Bir yilda bu oiladagilarning o‘nga yaqin to‘y–ma’rakasi o‘tayotgan bo‘lsa, barchasida otaxon-onaxon davraning to‘rida qo‘llari duoda bo‘ladi.
– Hozirda qariyb 600 ta xonadon, 864 ta oila va jami 3,5 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, Shodi bobo va Malika aya singari mahallamizda tabarruk 80 yoshdan oshgan 87 nafar otaxon-onaxonimiz umrguzaronlik qilmoqda, – deydi “Do‘stlik” MFY raisi Jo‘raqul Ostonov.
––Ularning holidan kunda-kunora xabar olib, har turli ehtiyojlarini o‘rganib, farzandlari qatorida madad qo‘lini cho‘zyapmiz. Pensiya yoshiga yetgan va 80 yoshgacha bo‘lganlar soni esa 72 nafarni tashkil etmoqda. Albatta, ular bizning fayzimiz, duogo‘ylarimiz, shu bois tuman hokimligi bilan hamjihatlikda “Keksalar haftaligi”da uyma-uy yurib, ularni yo‘qlab, murojaatlariga quloq tutmoqdamiz.
[gallery-4217]
Shu kuni «Peshko‘» mahalla fuqarolar yig‘ini Xo‘ja Peshko‘ qishlog‘ida yashovchi 101 yoshli Shodmonoy buvi Tohirovaning ham xonadoni jamoatchilik vakillari va yoshlar bilan to‘ldi. Tabarruk yoshiga nisbatan tetik va nigohi teran ko‘rinuvchi onaxon barchani duo qilib, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, har qanday ko‘ngilsizlik va balo-qazodan omonda yurishni tiladi.
Bunda tuman hokimligi mas’ullari va mahalla vakillari ishtirokida 10 dan ortiq farzand, 100 dan ortiq nevara va 20 ortiq chevaralar ardog‘ida bo‘lgan nuroniylar holidan xabar olindi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga esdalik sovg‘alari hamda oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
Tibbiyot birlashmasining 34-sonli oilaviy poliklinikasida keksa yoshdagi otaxon va onaxonlar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil qilindi. Hududdagi «Guliston», «Peshko‘» va «Kamolot» mahalla fuqarolar yig‘inlarining jami 10 ming 500 nafar aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan mazkur oilaviy poliklinikasi tomonidan haftalik doirasida 400 nafardan oshiq nafaqa yoshidagi fuqarolari tibbiy ko‘rikka jalb qilingan.
Tuman markazidagi “Ravshanobod” marosimlar uyi ham shu kuni ichki ishlar idoralari safida xizmat burchini o‘tab nafaqaga chiqqan faxriylar va yoshlar bilan gavjum bo‘ldi. Bunda tashkil qilingan “Uch avlod uchrashuvi”da viloyat “Nuroniy” kengashi raisi Samoydin Husenov va boshqalar yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakat, hududda turli ko‘ngilsiz hodisalar, huquqbuzarlik va jinoyatlar oldini olishda va mahallalarni har qanday noxushlikdan xoli maskanga aylantirishda erishilayotgan yutuqlar, bunda shaxsiy tarkib vakillari, zobit va serjantlar jonbozligi xususida to‘xtaldi.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari guvohi bo‘lgan bu voqea-hodisalar “Keksalar haftaligi” doirasida Peshko‘ tumanida tashkil etilgan tizimli chora-tadbirlarning bir ko‘rinishi edi.
Bunday sa’y-harakat ayni kunda hududda keng quloch yoygan. Hayotda ko‘pni ko‘rgan otaxon-onaxonlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular tajribasidan foydalanish nuqtai nazaridan maqsadga muvofiq ishdir.