Keksalari e’zozlangan yurtning fayzi o‘zgacha
Yurtimizda keksalarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda boy hayotiy tajribalaridan yosh avlod tarbiyasi yo‘lida foydalanishga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Yaqinda “Keksalar haftaligi” tashkil etilib, uning doirasida barcha hududda qator tadbir va uchrashuvlar, turli kechalar o‘tkazildi.
Jumladan, Toshkent shahrida xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan ham turkum tadbirlar tashkil etildi. Bunday tadbirlar keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashdagi rolini yanada oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Xalq vakili V.G.Kim tomonidan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Alisherobod”, “Geofizika”, “Jasorat”, “Geologlar” mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va keksa nuroniylari uchun ichki turizm doirasida sayohat tashkillashtirildi.

Nuroniylar dastlab “Minor” masjidiga tashrif buyurib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini, xalqimiz farovonligini tilab duo qildilar. Shundan so‘ng, "Yangi O‘zbekiston" bog‘iga ekskursiya uyushtirildi va nuroniylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, deputat Shahlo Mirxoliqova tashabbusi bilan “Al- Farobiy”, “Humoyun” mahallalarida istiqomat qilayotgan keksa avlod vakillari uchun dasturxon yozildi. Dasturxon atrofida jam bo‘lgan otaxon va onaxonlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, keksalarni qadrlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni mamnunlik bilan e’tirof etdilar.
M.Komilova,
O‘zA