Keksalar va nogironlar holidan xabar olindi
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tashabbusi bilan bir guruh partiya faollari, Oliy Majlisdagi O‘zLiDeP fraksiyasi deputatlari Andijon shahridagi “Saxovat” keksalar va nogironlar internat uyida bo‘lishdi.
Mamlakatimizda yakka-yolg‘iz, qarovchisiz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj, nogironligi bo‘lgan insonlar hamisha xalqimiz e’zoz va e’tiborida yashaydi, davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga olinadi. Ayni kunda Andijon shahridagi “Saxovat” uyida 100 nafarga yaqin keksa otaxon va onaxon istiqomat qiladi. Ularning aksariyati 1- va 2- guruh nogironlaridir. Muassasada ana shu insonlarning yashashi, salomatligini saqlash uchun zarur barcha sharoit yaratilgan.
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni oldidan O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari – To‘lqinjon Karimov, Umidaxon Zokirova, Tohirjon Ahmadaliyev, Begali Kodirov, Javlon Ergashev hamda bir guruh partiya faollari ana shu maskanda bo‘lib, ko‘ngli o‘ksik otaxon va onaxonlar holidan xabar oldi.
[gallery-14857]
Partiya vakillari “Saxovat” uyida yashayotgan mehr va e’tiborga muhtoj, keksa insonlar bilan dildan suhbatda bo‘ldi, ularga sovg‘a-salomlar, xush kayfiyat ulashdi. Shuningdek, mazkur maskanda ularga yaratilgan shart-sharoitlar, muassasada tashkil etilgan yordamchi xo‘jaliklarda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.
– Muassasada keksa otaxon va onaxonlarning bekamu ko‘st yashashi uchun zarur barcha sharoit yaratilganligidan xursand bo‘ldik, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umidaxon Zokirova. – Ayniqsa, ularning salomatligini saqlashga alohida e’tibor qaratilayotganligi, ular uchun trenajyor zali, fizioterapiya, dam olish, yuvinish xonalari, kutubxona tashkil etilib, eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanganligini alohida e’tirof etish lozim.
Saxovatpesha yurtdoshlarimiz tashrifidan mamnun bo‘lgan keksalar ona Vatanimizda inson, uning qadri, sha’ni nechog‘li ulug‘ ekanligini yana bir bor his etib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini tilab duolar qilishdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari