Keksalar duosi saodat kalitidir
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti shaxsiy tarkibi tomonidan 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat fronti faxriylari holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
Jumladan, institut xodimlari Bektemir tumanida yashovchi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 1926 yilda tug‘ilgan Saidali ota Matisoqovning xonadoniga tashrif buyurdi. Mehmonlar butun umrining mazmun mohiyatini halollik, sadoqat, sabrda deb bilgan otaxonning suhbatlaridan bahramand bo‘ldi.


Saidali ota hozirgi to‘kin-sochin zamonda shukronalik hissi bilan yashashda, halollikda, oiladagi totuvlikda hikmat ko‘p ekanini, kattayu kichiklarga e’tiborli, shavkatli, xushmuomalada bo‘lish, hayotning past balandini, og‘ir yengilini sabr-toqat bilan yengish kerakligini nasihat qildi. Uzoq umr ko‘rishning sirlari aynan shu narsalarga bog‘liqligini hayotiy misollar bilan tushuntirdi. Xalqimiz, yurtboshimiz va IIV hamda Malaka oshirish instituti shaxsiy tarkibidan xursand bo‘lganini aytib, ko‘pdan-ko‘p duolar qildi. Ko‘rsatilgan e’tibordan ularning oila a’zolari ham minnatdor bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA