Keksalar duosi ila yashnagay bu yurt
O‘zLiDeP Koraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi faollari va deputatlari tomonidan muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, mehnat faxriylarining hayotini mazmunli va fayzli qilish, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratish, sog‘ligini mustahkamlash bo‘yicha bir qator savobli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, keksa va ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning vaqtini mazmunli tashkil etish va ichki turizmni rivojlantirish maqsadida partiya faollari tomonidan keksa avlod vakillarining yurtimizdagi tarixiy maskanlar va qo‘shni respublikalarga bepul sayohatlari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.

– Qariya otaxon va mo‘’tabar onaxonlarimizni hozirgi davr yoshlariga go‘yoki bir to‘g‘onoq emas – suyanchiq, raqib emas – ustoz hamda bizning buyuk kelajagimizga befarq emas, balki hamdard deb bilishimiz lozim. Bu tushunchani esa jamiyatga tatbiq etilishini, avvalambor, muqaddas dinimiz, qolaversa, davrimizning talabi va taklifi, deb bilmog‘imiz darkor, – deya ta’kidlaydi Jo‘qorg‘i Kenges deputati Bahodirjon Siddiqov.

Xayrli tashabbus doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi “Qoratol», “Qumbiz”, Berdaq, “Monshaqli”, “Qashi”, “Oltinko‘l” ovul fuqarolar yig‘inlari, shuningdek “Qangli”, Ajiniyoz va “Qipshaq” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi faxriylar uchun joriy yilning 27-31 may kunlari Buxoro, Samarqand va Qozog‘iston Respublikasi Turkiston shaharlariga sayohat uyushtirildi. Sayohat davomida o‘z mehnatlari bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lgan, bugun keksalik gashtini surayotgan faxriylar nafaqat yurtimizdagi, balki qo‘shni mamlakatdagi, xususan, qadimiy shaharlardagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdi, tarixiy yodgorliklarini ziyorat qilishdi.

– Har yili 50 nafar otaxon va onaxon yangi sayyohlik markazi va shahardagi boshqa muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib kelyapti. Gap faqat sayohatda emas, avvalo, nuroniylarimizning vaqtini mazmunli o‘tkazish, qolaversa, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan ularni yaqindan tanishtirishda, – deydi O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi apparat rahbari Adip Aybergenov.
Nuroniylar sayohat mobaynida katta o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldilar. Keksalarning sayohatlari uchun zamonaviy va qulay avtobuslar biriktirildi.
–Avval biz ham qachon sayohatlarga boramiz, vatanimizning taniqli joylarini ko‘ramiz deb orzu qilib yashar edik. Musulmonchilik-da, bola-chaqa deymiz. To‘y-ma’rakamiz ko‘p. Baraka topsin deputatimiz Bahodirjon Siddiqov. Uning tashabbusi bilan tumanimizda har yili sayohat qiladiganlar bor. Biz ham shu sayohatda bo‘lib, Samarqand, Buxoro, Turkistonni ko‘rib keldik. Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal deb bejiz aytilmaganiga guvoh bo‘ldik, – deydi Qo‘ng‘irot tumani Qumbiz mahallasida istiqomat qiluvchi Lola aya Bozglanova.

Nuroniy ota-onaxonlarimiz, bobolarimiz bizning borligimiz, boyligimiz. Ular qadr topgan xonadon va mustaqil diyorda hamisha mehr-oqibat, qut-baraka, tinchlik-xotirjamlik bo‘ladi. Partiyaning nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirayotgan ishlari ham ana shu ezgu maqsadni ko‘zlaydi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri