Kecha kambag‘al edi, bugun esa boy-badavlat
Zamonamiz qahramonlari
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi tomonidan Zarbdor tumaniga tashkil etilgan press-turga taklif etganida “Zirapcha” mas’uliyati cheklangan jamiyati va uning jonkuyar rahbari Komila Jo‘rayeva ishtirokchilarda katta taassurot qoldiradi, deb o‘ylamagan edim.
Zarbdor tumanidagi ushbu jamoaga borib, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar, jamiyat rahbarining katta qiyinchilik va hayotning ayovsiz zarbalarini boshidan o‘tkazgan umr so‘qmoqlari va mashaqqatli mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishganimizdan so‘ng, uyushma press-tur uchun tanlovda adashmaganiga guvoh bo‘ldik.
Joriy yilning 20 avgust kuni mamlakatimiz rahbari tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotidan so‘ng, tadbirkorlikni rivojlantirishga, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga hukumat miqyosida yanada jiddiyroq e’tibor qaratilishi lozimligini alohida ta’kidlagan edi.
Zarbdor tumanidagi “Zirapcha” MCHJ rahbari Komila Jo‘rayeva jonkuyar, mehnatkash, tinib-tinchimas inson ekaniga tadbir jarayonida to‘la ishonch hosil qildik.
Komila 7 nafar farzandini oq yuvib- oq tarab, yolg‘iz o‘zi ayol boshi bilan kamolga yetkazgunicha boshidan o‘tgan muammoyu qiyinchiliklar bir kitob bo‘ladi. U duch kelgan qator hayot muammo va sinovlaridan hech qachon nolimadi, chekinmadi ham, taslim ham bo‘lmadi. Yaratganning “Sendan harakat, mendan barokat”, deganiga amal qilib, sabr- matonat bilan mehnat qildi, tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirdi, ammo harakatdan charchamadi, to‘xtamadi.
– Mahalladan farzandlarim uchun olayotgan nafaqa pullarini to‘xtatib qo‘ygach, 7 bolam bilan ijarada yashab, kvartira haqini vaqtida to‘lolmay qolganimdan so‘ng, uy egasi ko‘chaga haydadi, mahalla fuqarolar yig‘iniga moddiy yordam so‘rab bordim, hisoblarida mablag‘ yo‘qligini vaj qilib, ortimga qaytarishdi, – deydi Komila Jo‘rayeva o‘tgan og‘ir yillarini yodga olarkan. – Tumandagi umumiy yotoqxonaga joylashdik. Lekin bu yerdan ham chiqarib yuborishdi. Ma’lum vaqt bolalarim bilan hali onamnikida, hali unikida, hali bunikida sarson-sargardon bo‘lib yurdim. Tuman obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli tashlandiq yerni o‘zlashtirib, gul ko‘chat ekdim, chayla qurib, bolalarim bilan o‘sha yerda yashaganlarim hali-hamon ko‘z o‘ngimdan ketgani yo‘q.
Yon qo‘shnimga mingdan-ming rahmatlar aytaman. Jizzaxdan, Farg‘ona vodiysidan, Samarqanddan olib kelingan turli daraxt ko‘chatlarini shu yerga ko‘mib, ko‘chat sotdim. Ana shu qo‘shnim ichib, kirlarimni chayishimga, ko‘chatlarimni sug‘orishimga ham zarracha og‘rinmay suv berib turdi.
Ekkan gul va daraxt ko‘chatlarim bo‘y cho‘zib ko‘karib qolganida, buldozyor olib kelib, noqonuniy qurilish deb yashaydigan chaylamni, bog‘imni buzib tashlamoqchi bo‘lishgani ustiga bundan 6- 7 yil muqaddam tumanimiz hokimi bo‘lib ishlagan Oybek Ashurmatov (hozir Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari) kelib qolib, buzmoqchi bo‘lganlarni to‘xtatdi. Sharoitim bilan yaqindan tanishdi. Tuman obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli tashlandiq shu joydan foydalanashim mumkinligini aytib, mutasaddilarga topshiriq berdi. Yana bank rahbarini chaqirtirib, “Shu ayolga 10 million so‘m kredit mablag‘lari ajratib beringlar, mabodo to‘lay olmasa, o‘rniga o‘zim to‘layman”, deb, mablag‘ olib berdi. Tuman hokimining bu yordami tadbirkorlik faoliyatimda tub burilish bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
[gallery-19700]
Ishsiz, uy-joysiz, bolalarim kiyim-kechak, nonga zor bo‘lib turgan paytidagi tuman hokimining bu taklifi hayotimdagi ko‘rgan eng katta yaxshilik bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. O‘sha yerga chog‘roq issiqxona qurib, gul ko‘chatlari yetishtirib, bolalarim bilan shu issiqxonada yashadim.
Oradan ko‘p o‘tmay, tuman hokimi kelib, sharoitim bilan yana tanishdi va “Mehnat qilgan kam bo‘lmaydi, hademay hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb ishlarimga omad tilab ketdi. Bir necha kun o‘tib, tuman xotin-qizlar bo‘limi rahbari ehtiyojmand, kam ta’minlangan ayollar uchun alohida uy qurilayotganini, menga ham ikki xonali uy ajratilishini aytganida, to‘g‘risi, ishonmagan edim. Lekin rost bo‘lib chiqdi, Xudoga shukr, uyli bo‘ldik.
Hozir o‘zimning hovli-joyim, bir necha gektar yerim va hatto bir necha mashinalarim ham bor.
Farzandlarimning to‘ng‘ichi, ya’ni katta qizim “Temuriy izdoshlari” maktab-internatida, o‘g‘lim litseyda, qolgan farzandlarim o‘zimizdagi 3-sonli umumta’lim maktabida tahsil olayapti. Bularning barchasi, avvalo Allohning menga ko‘rsatgan inoyati, Yurtboshimizning men kabi kambag‘allik darajasiga tushib qolganlarga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklari, qolaversa, Oybek Ashurmatovning va bugungi tuman hokimimizning ham yordami, har tomonlama qo‘llab-quvatlagani samarasida deb o‘ylayman.
Ayni paytda Komila Jo‘rayeva Zarbdor tumanining “Nurobod” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. Shu hududda joylashgan “Zirapcha” MCHJ rahbari. 35 nafar doimiy ishchisi bor. Ish hajmi va mavsumga qarab mavsumiy ishchilarining soni 40- 50 tani tashkil etadi.
Zarbdor tumanining ayni paytdagi hokimi Zafar Ro‘ziyevning bevosita yordami bilan Komila Namanganga borib, gulchilikning sir-asrorlarini yanada chuqurroq o‘rganib keldi. Shu kecha-kunduzga kelib, “Zirapcha” MCHJning dala va issiqxonalarida xonaki gullarning 300, ochiq bog‘ maydonlariga ekiladigan gullarning 200 xildan ortig‘i mehr bilan parvarish qilinmoqda.
Prezidentimiz joriy yilning aprel oyida Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida Zarbdor tumanining “Lalmikor” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, u yerdagi tomorqachilik bilan yaqindan tanishgan va qator video selektor yig‘ilishlarida Zarbdor, Sayxunobod, Uychi va G‘ijduvon tumanlari tajribasini ommalashtirish haqida aytgan gaplaridan ruhlangan Komila qo‘shni “Lalmikor” MFYga borib, ularning ishlari bilan yaqindan tanishdi, tajriba almashdi.
Bugun MCHJ jamoasi gul, har xil ko‘kat va rezavorlarning urug‘larini qadoqlab, yaxshigina daromad keltirayotgan savdoni yo‘lga qo‘yganini ham ta’kidlab o‘tish joiz. Issiqxonalari sonini bugungi kunga kelib, uchtaga yetkazdi. Tinib-tinchimas tadbirkor ayol shu bilan cheklanib qolmadi. Gulchilik, ko‘chatchilikdan tashqari, endilikda chorvachilik bilan ham shug‘ullanmoqda.
Komila Jo‘rayeva yetakchiligidagi jamoa faoliyatini yanada kengaytirishni rejalashtirgan. Kelgusi yili jamiyat qoshida quruq mevalarni qadoqlab, sotishni yo‘lga qo‘yish sexlarini tashkil etish maqsadida bankdan 100 million so‘m kredit mablag‘i olib, shu asosida yana 5 gektar yer maydonini o‘zlashtirishni boshlab yuborgan. Bundan chiqadiki, Komilaning tadbirkorlik faoliyati yanada kengayib, “Zirapcha” MCHJdagi doimiy, daromadli ish o‘rinlari soni yana ortadi. Ancha-muncha yurtdoshlarimizning qozoni qaynab, ro‘zg‘origa baraka kiradi.
Komila kamtarlik qilib ba’zi yutuqlari haqida indamay qo‘yaqoldi. Vaholanki, u o‘tgan 2023 yilda “Yil ayoli” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib, “Yilning eng jonkuyar ayoli” nominatsiyasi sohibasi bo‘lgan edi.
– Erishgan natijalarimizning barchasi mamlakatimizda tadbirkor xotin-qizlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasi, deb bilaman. Ezgu maqsadim – xalqimiz farovonligi, dasturxonimiz to‘kinligi, Vatanimiz iqtisodiyoti yuksalishi uchun hissa qo‘shish, yana ko‘plab ish o‘rinlari yaratish, mahallamizda birorta ham ishsiz ayol, kambag‘al oila qolmasligiga erishishdan iborat, – deydi Komila Jo‘rayeva.
Yaratgan beraman deganga qo‘shaloq qilib beradi, deganlari shu bo‘lsa kerakda, 6 - 7 yil muqaddam mahalladan moddiy yordam so‘rab, ishsiz, uy-joyga muhtoj, nonga zor bo‘lib yurgan ayol bugun kattagina ish beruvchi, tadbirkor, shu mahalladagi ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga muntazam ravishda homiylik yordami ko‘rsatib, xayr-ehsonini ayamay kelayotgan boy xotin.
Komila Jo‘rayevadek zamonamiz qahramonlari bor ekan, tadbirkor xotin-qizlarimizning soni ko‘payib, yurtimizda kambag‘allik barham topaveradi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari