Katta orzular sari yo‘l (+video)
Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri hamda bitiruvchi talabalarga diplom topshirish marosimi o‘tkazildi.
Yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida o‘quv yili boshlanib, shahrimiz ko‘chalari talabalar bilan to‘ldi. Talabalik davri oltinga tenglashtirilgani bejiz emas. Bu davrdagi har bir kun unutilmas voqealarga to‘lib, inson xotirasiga yoziladi.
Toshkent shahridagi Belarus - O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutida “Bir Vatan, bir xalq bo‘lib, yangi hayot, yangi kelajakni birgalikda bunyod etaylik” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri hamda bitiruvchi talabalarga diplom topshirish marosimi o‘tkazildi. Tadbir davomida 430 nafar institut bitiruvchi talabalariga mutaxassislik diplomi faxriy mehmonlar tomonidan tantanali tarzda topshirildi.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahridagi Belarus - O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti 2019-yil 20-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida tashkil etilgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, institut amaliy texnik kvalifikatsiyalar bo‘yicha zamonaviy muhandis kadrlarni tayyorlab, ta’lim jarayonida ikki davlatning ta’lim tajribasini uyg‘unlashtiradi. Joriy yilda institutga bakalavriatga 680 nafar, magistraturaga 620 nafar talaba qabul qilingan.
Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash maqsadida institut qoshida “Karera markazi” samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, Universitet tomonidan bitiruvchilarni ish bilan band qilish va amaliyot o‘tash bo‘yicha 40 dan oshiq tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumi imzolangan. Fursatdan foydalanib, bitiruvchilarga yuksak marralarni egallashlaridan omad tilab qolamiz.
Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA