Kassetali o‘q-dori atrofida munozara...
Rossiya-Ukraina
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Qo‘shma Shtatlar tomonidan bildirilgan Ukrainaga kassetali o‘q-dori yetkazib berish taklifiga sassiz rozi bo‘ldi. Bu haqda “The Times” AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan kechgan muzokara yakuni bo‘yicha chiqargan maqolada keltirilgan.
Nashr ta’kidlashicha, Britaniya 2008 yil kassetali o‘q-doridan foydalanishni taqiqlovchi konvensiyaga qo‘shilgan va mazkur hujjatni ratifikatsiya qilgan.
Shveysariya kassetali o‘q-dori taqiqlanishini qo‘llab-quvvatlaydi va barcha mamlakatlarni bunday quroldan foydalanmaslikka chaqiradi, deb bayonot berdi mamlakat TIV rasmiy vakili Per Alen Elchinger.
“Qo‘shma Shtatlarning shu xususdagi bayonoti ma’lumot uchun qabul qilindi. Asosiy yoki nomutanosib hujum taqiqlangan va bu xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishi hisoblanadi” – qo‘shimcha qildi diplomat.
Germaniya mazkur taqiq bilan bog‘liq konvensiya qatnashchisi, shuning uchun “biz bu ishni qila olamiz, deb ayta olmayman”, dedi mamlakat kansleri Olaf Shols.
Qo‘shma Shtatlar tomonidan Ukrainaga kassetali o‘q-dori mas’uliyatsizlik bilan yetkazib berilishi ziddiyat hududida gumanitar muammoni yuzaga chiqaradi. Bu haqda XXR TIV rasmiy vakili Mao Nin bayonot berdi.
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq tahlilchisi Larri Jonson fikricha, Ukraina qo‘shinlari qurol-aslahasi qishga borib tugaydi. Keyin G‘arb yetarli darajada qo‘llab-quvvatlamasligi bois, ushbu mamlakat mag‘lubiyatga uchraydi.
“Dekabrdan keyin Kiyevni nima kutayotgani noma’lum”, degan u.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy NATOning Vilnyus sammitida Kiyevga qurol-yaroq va havo hujumidan himoya tizimi vositalari yetkazib berilishi masalasini muhokama qilmoqchi. Bu xabar ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilgan. Vilnyusda davlat rahbari Yevropa mamlakatlari, AQSH, Kanada va Yaponiya yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazishi kutilyapti.
“Financial Times” NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning “Ukrainaning Alyansga qo‘shilishi ehtimoli 2008 yilga nisbatan ancha yaqin”, degan so‘zlarini iqtibos qilib keltirgan.
“Albatta, kun kelib, Kiyev Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shiladi. NATOga a’zo davlatlarning bu xususdagi fikri yakdil”, qo‘shimcha qilgan Stoltenberg.
AQSH hukumati dekabr oyiga borib, Kiyevga Moskva bilan muzokara o‘tkazish taklifini berishi mumkin, deb yozdi harbiy manbalarga tayanib, “El Periodico” nashri.
Maqolada “bu vaqtga kelib Ukrainaning qarshi hujumi qanday natija bergani ma’lum bo‘lib qoladi”, deyiladi xabarda.
Koreya Respublikasi Ukrainaga turli qurol-yaroq va texnika ashyolaridan iborat harbiy yordam jo‘natdi, deb yozgan Milliy mudofaa vazirligiga tayanib, “Yonhap” agentligi. Shu kuni Prezident Yun Sok Yol NATO sammitida ishtirok etish uchun Vilnyusga yetib borgan.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bayonotiga ko‘ra, ziddiyat tugagach, Ukraina yengillashtirilgan jarayon asosida NATOga qabul qilinadi.
“Vilnyusda NATO – Ukraina kengashining ilk yig‘ilishi rejalangan, bu Shimoliy Atlantika alyansi va ittifoqdoshlar Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini namoyish etadi”, dedi davlat rahbari.
Abror XON, O‘zA