Kasblar festivali o‘tkazildi
Samarqand shahridagi markaziy istirohat bog‘ida “Kasb va mehnat kuni” munosabati bilan kasblar festivali o‘tkazildi.
Festivalda viloyatimizdagi kasb-hunar kollejlari va texnikumlarda o‘quvchilarga o‘rgatilayotgan kasblar haqida ma’lumot berildi, ko‘rgazmali chiqishlar uyushtirildi.
– Davlatimiz rahbarining 2025-yil 23-oktabrda qabul qilingan “Kasbiy ta’lim tizimida tizimda islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yurtimizda 5-mayni har yili “Kasb va mehnat kuni” sifatida nishonlash belgilangan, – deydi Samarqand viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov. – Har yili o‘tkaziladigan kasblar festivalini bu yil ushbu sanaga bag‘ishladik. Unda viloyatimizdagi kasb-hunar o‘rgatish muassasalari faol ishtirok etib, o‘quvchilar o‘zlari o‘rganayotgan kasb ko‘nikmalarini qay darajada egallayotganlarini amalda namoyon etmoqda. Bu tadbir yoshlarning iqtidor va kasbiy layoqatini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanloviga o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini ham o‘tamoqda.
[gallery-29285]
Festivalda maktablar bitiruvchilari ham qatnashib, viloyatdagi texnikumlarda o‘rgatilayotgan kasb-hunarlar, ta’lim va amaliyot jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish doirasida Ishtixon tumanida Samarqand xalqaro kolleji tashkil etildi, – deydi kollej rahbari Shiu Shu. – Biz bu yil sentabr oyidan ilk o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilamiz. Bu yerda ilg‘or xalqaro standartlar asosida Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi. Talabalar 1+1, 2+2, 1+3 dasturlari bo‘yicha ta’lim oladi, ya’ni bir yil kollejda, bir yil Xitoydagi o‘quv dargohida mexatronika, sun’iy intellekt, axborot xavfsizligi, elektron tijorat kabi zamonaviy kasblarga o‘qitiladi. Shuningdek, ularga xitoy tili ham o‘rgatiladi.
Kasblar festivalida dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha ish beruvchi korxonalar va tashkilotlar hamda kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, xorijda malaka oshirgan ishlab chiqarish ta’limi ustalariga sertifikatlar topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi Adiz Boboyev ishtirok etib, texnikum va kollejlarda o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlash jarayonlari bilan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari