Kasbiy ta’lim – xalqaro standartlar asosida (+video)
So‘nggi yillarda mamlakatimizda kasbiy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish hamda ularni xalqaro mehnat bozori talablariga mos malakali mutaxassislar etib tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida hududlardagi kasbiy ta’lim muassasalarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Nukus shahridagi 1-son texnikumda ham xalqaro standartlarga mos ta’lim tizimi bosqichma-bosqich joriy etilib, o‘quvchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 16-oktabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, mazkur texnikumda xalqaro “PEARSON” ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab ushbu dastur asosida “Kompyuter grafikasi va dizayn operatori”, “Elektromontyor”, “Payvandlash ishlari”, “Mehmonxona xo‘jaligi va uni tashkil etish” hamda “Dasturiy injiniring” mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim tashkil etildi. Shuningdek, “Avtomobillarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish”, “Qutqaruvchi”, “Bank nazoratchisi”, “Tikuvchi”, “Laborant-analitik”, “Oqava suv va suv ta’minoti tizimlaridan foydalanish va montaj qilish ustasi” hamda “O‘t o‘chiruvchi” yo‘nalishlarida ham kadrlar tayyorlanmoqda.
Hozirgi kunda 12 ta mutaxassislik bo‘yicha jami 1 116 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Xalqaro ta’lim dasturlarini samarali joriy etish maqsadida ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Jumladan, o‘quv binosi va ustaxonalarni rekonstruksiya qilish ishlariga 7 milliard 199,3 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar uchun zamonaviy asbob-uskunalar, laboratoriya jihozlari hamda mebellar xaridiga 4 milliard 736,2 million so‘m sarflandi.
Bugungi kunda o‘quvchilar yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, amaliy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etmoqda. Zamonaviy jihozlangan ustaxona va laboratoriyalar ularning kasbiy mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-28734]
Texnikum o‘quvchilari ta’lim bilan birga sport va turli ko‘rik-tanlovlarda ham yuqori natijalarga erishmoqda. Jumladan, “Yosh qutqaruvchi” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichida texnikum o‘quvchilaridan tashkil topgan “Jayxun” jamoasi 1-o‘rinni egallab, Belarus Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro bosqichda munosib ishtirok etdi.
Shuningdek, “Barkamol avlod” sport musobaqalarining respublika bosqichida badminton bo‘yicha 2 nafar, belbog‘li kurash bo‘yicha 3 nafar o‘quvchi, shuningdek, voleybol jamoasi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Xulosa qilib aytganda, texnikumda amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilgan imkoniyatlar yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashida, ularni raqobatbardosh mutaxassislar etib tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro ta’lim dasturlarining joriy etilishi esa ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5r_QlHTNs_8" title="Kasbiy ta’lim – xalqaro standartlar asosida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Maqsad HABIBULLAEV (surat, video), O‘zA fotomuxbiri