Kasbiy ta’lim tizimi o‘zgardi
Namangan, Samarqand va Toshkent shaharlarida 2027-yil 1-yanvardan boshlab turizm, kosmetologiya hamda umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yurituvchi shaxslarni ishga qabul qilishda ularning diplom yoki malaka sertifikatiga ega bo‘lishi majburiy qilib belgilanadi. Shuningdek, 2027-yil 1-iyundan boshlab mazkur talab qurilish sohasi xodimlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
2028-yildan esa ushbu tizim butun Respublika bo‘ylab joriy qilinadi. Unga ko‘ra, qurilish ishlarida yoki aholiga xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yurituvchi texnik xodimlar faqat tegishli diplom yoki malaka sertifikatiga ega bo‘lgan taqdirdagina ishga qabul qilinadi.
Shu bilan birga, ma’lum bir kasb yoki hunarni puxta egallagan bo‘lsa-da, rasmiy hujjat – diplom yoki malaka sertifikatiga ega bo‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bu davlatimiz rahbarining 2025-yil 23-oktabrda qabul qilingan “Kasbiy ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda tizimda islohotlarni amalga oshirishga doir qarorida belgilandi.
– Mazkur hujjatlar bilan o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlash tizimi o‘zgardi, – deydi Samarqand viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov. – Sohada keyingi yillarda bir necha bor o‘tkazilgan islohotlar o‘zini to‘la oqlamagach, kasbiy ta’lim agentligi va uning hududiy bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu paytgacha turli vazirlik va idoralar tasarrufida bo‘lgan kollej, kasb-hunar maktablari, texnikum va politexnikumlar negizida texnikumlar tashkil etildi va kasbiy ta’lim agentligi tasarrufiga o‘tdi. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasarrufida bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish markazlari ham endilikda agentlikka o‘tdi. Jumladan, bizning viloyatimizda ham shu paytgacha mavjud muassasalarimiz negizida 57 ta texnikum tashkil etildi va kelgusi o‘quv yilidan ularning soni 60 taga yetadi. Shu paytgacha kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarda xalqaro mehnat tavsiflagichining 3, 4, 5 darajasini tayyorlash imkoniyati mavjud edi. Endi texnikumlarda shu uch daraja bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi va tanlangan kasb murakkabligidan kelib chiqib, o‘qish muddati belgilanadi. Faqatgina maktablarning 9-sinf bitiruvchilari texnikumda o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lsa kamida 2 yillik majburiy ta’limni o‘tashi kerak bo‘ladi. Ular shu ikki yil ichida maktabda mavjud fanlarni texnikumda o‘qib, biror bir kasb, hunar ham o‘rganadi. Texnikumlar o‘z imkoniyati, quvvatidan kelib chiqib, maktablarning 9-sinf yoki 11-sinf bitiruvchilarini o‘qishga qabul qiladi. Shuningdek, xorijiy tillarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi va dars soatlari ko‘paytiriladi. Texnikumda uch yillik akademik soatlarni yaxshi o‘zlashtirgan va a’lo baholar bilan bitirganlar oliy o‘quv yurtida o‘qimoqchi bo‘lsa, ikkinchi kursdan o‘qishga qabul qilinadi.

Mazkur islohotlar yoshlarni faqat texnikumlarda kasb-hunar egallashga yo‘naltirishni anglatmaydi. Qarorga muvofiq, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab bolalarni kasb-hunarga yo‘naltirish tizimi maktabgacha ta’lim bosqichidan joriy etiladi.
Xususan, “Atrofimizdagi kasblar” dasturi asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 5 yoshdan boshlab bolalarda o‘yinlar orqali turli kasblar haqida dastlabki tasavvurlar shakllantiriladi.
Maktab ta’limida esa “Kasblar alifbosi” dasturi doirasida 1-4 sinf o‘quvchilariga kasblarning ahamiyati tushuntirilib, ularda ilk kasbiy qiziqishlar rivojlantiriladi. 5-6 sinflarda “Kasblar olami” dasturi joriy qilinib, o‘quvchilarning turli mehnat sohalariga qiziqishlari kuchaytiriladi hamda kelgusidagi kasbiy tanlov uchun zarur asos yaratiladi.

Shuningdek, “Mening kelajakdagi kasbim” dasturi asosida 7-9 sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatlari maktab maslahatchilari tomonidan aniqlanib, ularni akademik ta’lim yoki kasb-hunar yo‘nalishlariga maqsadli yo‘naltirish ishlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2028-yildan boshlab texnikumga yo‘naltirish 9-sinf yakuni bo‘yicha o‘tkaziladigan imtihon natijasiga ko‘ra amalga oshiriladi. Maktabning 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirishga ruxsat beriladi.
[2026-05-06 12:50] Nilufar Bozorova: – 24 yildan buyon shu tizimda ishlab kelayotgan inson sifatida aytishim mumkinki, yurtimiz kasbiy ta’lim sohasi endi xalqaro standartlarga moslashmoqda, – deydi Aziz Nasimov. – Ishlash uchun imkoniyatlar kengaymoqda. Nafaqat o‘zimiz, balki xorijda ham tan olinadigan diplomga ega, xalqaro klassifikatorlarga mos o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Endi texnikumlarga Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy ish beruvchilarning ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib kasb va mutaxassisliklar hamda xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar beriladi. Yurtimizdagi yirik ish beruvchilar ham o‘zlariga zarur kasblar bo‘yicha buyurtma berib, qisqa muddatda xodimlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplashlari mumkin. Buyurtmalar bo‘yicha kasbga o‘qitish jarayoni texnikumlarning mavjud imkoniyatidan kelib chiqib bir oy muddatda tashkil etiladi. Albatta, buyurtma asosida kadrlar tayyorlash uchun buyurtmachi – davlat organlari va tashkilotlari texnikumlarga belgilangan to‘lovlarni to‘lab beradi. Bu esa muassasalar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qituvchilarni rag‘batlantirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Endilikda texnikumlar ta’lim jarayoniga xorijiy dasturlarni joriy etish, oliy o‘quv yurtlaridagi kabi qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish mumkin. Birgina viloyatimizdagi 6 texnikumda 600 nafar o‘quvchi xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitilmoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi 1-texnikumda Buyuk Britaniyaning “Pearson” kompaniyasi bilan hamkorlikda 120 nafar o‘quvchi xalqaro ta’lim dasturlari asosida kompyuter grafikasi va dizayn operatori, mehmonxona xo‘jaligi mutaxassisi va payvandlovchi kasblariga o‘qitilmoqda. Shahardagi 2-texnikumda esa Germaniyaning “Askania Bildung” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Ausbildug” tizimi bo‘yicha logistika yo‘nalishida, 3-texnikumda qurilish texnologiyalari, logistika, sanoat mexanigi mutaxassisliklari bo‘yicha 500 nafardan ortiq yoshlar kasb-hunar o‘rganmoqda. Siyob Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida Koreya Respublikasining “Daejeon Health University” universiteti va Germaniya tibbiyot akademiyasi bilan hamshiralik mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda. Bunda bo‘lg‘usi hamshiralar 2+1 dasturi asosida ikki yil o‘zimizda, bir yil Germaniya yoki Koreyada o‘qiydi. Ular keyinchalik shartnoma asosida xorijda ham ishlashi mumkin. Umuman, 2026-yilda viloyatimizdagi texnikumlarda Germaniya, Koreya, Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlari bilan hamkorlikda kamida 10 ta xalqaro ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Yaqinda kasbiy ta’lim agentligi tashabbusi bilan Germaniyada xizmat safarida bo‘lib, “O‘zbekiston – Germaniya kasbiy ta’lim forumi”ga qatnashdik hamda ushbu davlat ta’lim muassasalari va yirik kompaniyalar bilan kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha hamkorlik qilish bo‘yicha shartnomalar tuzdik. Viloyatimizdagi texnikumlarning bir guruh o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalari Xitoy Xalq Respublikasining Gansu o‘rmon xo‘jaligi texnika universitetida elektromobillarga, quyosh panellariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha malaka oshirib keldi.

Kasbiy ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan hujjatlarda dual ta’lim asosida kadrlar tayyorlash, ya’ni ta’lim va amaliyotni uyg‘unlashtirishga ham alohida e’tibor berilgan. Bugungi kunda viloyatdagi 44 texnikumning 4036 nafar o‘quvchisi 670 ta ish beruvchi bilan hamkorlikda dual ta’lim asosida o‘qitilmoqda. Bu jarayonda ish beruvchilar tomonidan 2000 nafardan ortiq o‘quvchiga 1,5 million so‘mdan 3 million so‘mgacha ish haqi to‘lanmoqda. Kelgusi o‘quv yilida dual ta’lim bilan qamrovni 20 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, bu yil mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Samarqand viloyatida ham bitta ilg‘or kasbiy mahorat texnikumini tashkil etiladi. Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda pedagog kadrlar uchun seminarlar, korxonalarga stajirovkalar tashkil etiladi. Texnikumlarning 20 nafardan ortiq pedagog kadrlari kasbiy ta’limi rivojlangan davlatlarga tajriba almashish uchun yuboriladi.
[2026-05-06 12:50] Nilufar Bozorova: Yoshlarning iqtidor va kasbiy layoqatini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi o‘tkaziladi. Tanlov har yili 10 ta kasb bo‘yicha 16 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan texnikum o‘quvchilari, yoshlar, talabalar hamda band bo‘lmagan aholi o‘rtasida tuman (shahar), viloyat hamda respublika miqyosida o‘tkaziladi. Tanlovning har bir bosqich g‘oliblari va ularning ustozlari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Shu bilan birga tanlovning uchinchi (mamlakat) bosqichi g‘oliblariga “WorldSkills International” tashkilotining “WorldSkills” xalqaro chempionatida ishtirok etish huquqi beriladi. Joriy yildan e’tiboran 5-may “Kasb va mehnat kuni” sifatida har yili keng nishonlanishi ham belgilangan.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri