Kasbiy sertifikatlash sinovlariga murojaatlar qabul qilish boshlandi
Bugun kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlarida qatnashish uchun murojaatlar yuborish boshlandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi tegishli qaroriga muvofiq, davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-o‘qituvchilar, stajyor-tarbiyachi hamda tegishli toifaga ega bo‘lmagan pedagog kadrlar kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etiladi.
2026-yil 18-martdan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat xizmatlari markazlari orqali kasbiy sertifikatlash sinovlarida qatnashish uchun murojaatlar qabul qilinishi boshlandi.
Murojaatlarni yuborish 2026-yil 18-aprel kuniga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
Kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlarida qatnashish uchun quyidagilar hujjat topshirishi mumkin:
➖ kasbiy sertifikat olishga da’vogar bo‘lgan davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan hamda avval kasbiy sertifikatlashda ishtirok etib, undan o‘ta olmagan stajyor-o‘qituvchi, psixolog yoki mutaxassis lavozimidagi shaxslar;
➖ shuningdek, pedagoglar attestatsiyasidan o‘ta olmagan, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimiga muvofiq emas yoki egallab turgan lavozimiga muvofiq emas (o‘rta maxsus ma’lumotlilar) deb topilgan pedagog kadrlar.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA