Kasbini ulug‘laganlar hamisha e’zoz va sharafga munosib
Har yili mamlakatimizda dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida keng bayram qilinadi.
Shu munosabati bilan Qibray tumanida tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi. Yozilgan to‘kin dasturxon atrofida nuroniylar, klasterlar vakillari, fermerlar, mirishkor bog‘bonlar jam bo‘ldi.

Tadbirda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Prezidentimizning soha xodimlariga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va barchaga o‘z tilaklarini bildirdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda viloyat aholisining 37 foizi bandligi aynan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash sohasiga to‘g‘ri keladi. Yalpi hududiy mahsulotning 38 foizi shu tarmoqda yaratilishi sohaning salmog‘i naqadar yuqori ekanligini ko‘rsatadi.

Hozir hududda jami 5 ming 600 ta fermer va 856 ta boshqa mulk shaklidagi sub’ektlar faoliyat yuritadi. Shuningdek, 12 ta paxta- g‘allachilik, 28 ta meva-sabzavotchilik va 10 ta sholichilik klasterlari samarali faoliyat olib bormoqda.
Xususan, mavsumda g‘alladan yuqori hosildorlikka erishgan Bekobod tumanidagi “Boqiyeva Nazira” fermer xo‘jaligi 215 foizga, “Guliston” fermer xo‘jaligi 173, Piskent tumanidagi “Otaqo‘ziyev Nurali” fermer xo‘jaligi 280, O‘rta Chirchiq tumanidagi “Kelajak Istiqboli” fermer xo‘jaligi 300, Bo‘ka tumanidagi “Sarkor” fermer xo‘jaligi 251, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Rahimjon Tadbirkor” fermer xo‘jaligi 206, Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Bahrom” fermer xo‘jaligi 293 foizga bajarib, viloyat g‘alla xirmoniga o‘zing ulkan hissasini qo‘shdi.

Paxta hosilini yetishtirishda ham fermer-dehqonlar o‘rni salmoqli bo‘ldi. Asosiy, bog‘-tok qator oralari va takroriy maydonlarda ekilgan maydonlarda sabzavot mahsulot yetishtirildi. Tadbirda, qishloq xo‘jaligi barcha tarmoqlarida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar soha zahmatkashlarining mehnatlari tufayli yanada rivojlantirilayotgani aytib o‘tildi.

Tadbirda bir guruh soha vakillariga “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishonlari topshirildi. El suygan san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar hamda viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan tayyorlangan badiiy dastur tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

A. Musayev, O‘zA.