Kasbidan faxr tuygan ayol
– Gaz xo‘jaligi qoidalariga rioya qilish mas’uliyatli vazifasi ekanligini iste’molchilarga doimiy aytib kelaman, – deydi u suhbat jarayonida. – To‘g‘ri, xavfsizlikni ta’minlash asosiy maqsadimiz, ammo bunga barchamiz birdek harakat qilsak, hech qanday baxtsiz hodisalar kelib chiqmaydi. Men ishimni juda yaxshi ko‘raman.
Qariyb 20 yillik ish tajribasi ega qahramonimiz bugun jamoadoshlari orasida o‘z hurmatiga ega. Gaz ta’minotida ishini nazoratchilikdan boshlagan. Ustozlar ko‘magida sohadagi tajribasini oshirdi. Bugunga esa shogirdlari bisyor, endi o‘zi ustoz.

– Qaysi vazifada bo‘lmasin doimo mas’uliyat bilan ishlashga harakat qilaman, – deydi chilangar opa. –Ishimiz shuni taqozo etadi. Chunki maqsad bitta – aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish. Ba’zi iste’molchilar xavfsizligiga juda befarq. Xonadonlarda bo‘lganimizda gaz jihozlarining texnik ko‘rigini o‘tkazishga qarshilik qilishadi, kiritishmaydi. Shunday paytlar juda qiyin bo‘ladi, ammo bu qiyinchiliklar bizni yanada kuchliroq mehnat qilishga undaydi.

Ish jarayoni bilan tanishar ekanmiz Muborak opaning o‘z ishiga sadoqatli ekaniga yana bir marta guvoh bo‘ldik. U ayol, nozik xilqat. Ammo ishiga bo‘lgan mehri gohida ustunlik qiladi. Qo‘llari qavarib, qora moylar izini chizsa hamki, uning mas’uliyati kuchini ko‘rsatadi.


Kasbining jonkuyari bugun mehnati ortidan rohat ko‘rib kelmoqda. Oilada ham mehribon ona. Nevaralar zavqi bilan to‘lib yashayotgan baxtli ayol hamdir.
Zarif Komilov,
O‘zA