Kasbidan e’zoz topgan kashtado‘z
Xalqimizning azaliy qadriyatlari, avloddan-avlodga meros bo‘lib kelayotgan hunarlari ko‘p. Do‘ppido‘zlik ana shunday hunarlardan biri.
Navoiy viloyati Karmana tumani “Do‘rman” mahallasida yashovchi Dilbar Jalilova ham do‘ppi tikish sir-asrorlarini buvisi Halima ayadan o‘rgangan. 90 yoshni qarshilagan buvijon hozir ham kashta tikib, mahalla ayollariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.
D.Jalilova 31 yildan buyon 3-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga texnologiya fanidan saboq beradi. Darsdan so‘ng bo‘sh vaqtida do‘ppi tikadi.

– Buvijonim biz nabira qizlar, qo‘shni ayollarga har bayramda turli gullik do‘ppilar tikib berar edi, – deydi Dilbar opa. – Do‘ppisini olishga kelganlar buvijonimdan minnatdor bo‘lib, “Qo‘lingiz dard ko‘rmasin, juda chiroyli chiqibdi, menga yoqdi, sizga ming rahmat”, deb ketishardi. Xolalarim, onajonim ham chiroyli do‘ppilar tikishadi. Ular ham buvijonimdan do‘ppi tikish sirlarini o‘rganishgan.
Dars mashg‘ulotlaridan so‘ng Dilbar Jalilova o‘quvchilarga texnologiya to‘garagida do‘ppi tikish, ziraklar, turli rangli qog‘ozlardan o‘yinchoqlar yasash sirlarini o‘rgatadi.

Dilbar Jalilova nafaqat o‘qituvchilik, balki hunari ortidan ham obro‘-e’tibor qozongan. U “Hunarmand” uyushmasi a’zosi. O‘zi va shogirdlari viloyat va respublika miqyosida o‘tkaziladigan tadbirlar va ko‘rgazmalarda o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etadi.
– 2023 yil 6 may kuni Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan III xalqaro baxshichilik festivalida qatnashdim. Yurtimizda bo‘ladigan zardo‘zlik va zargarlik festivallarida, Marg‘ilon shahrida o‘tadigan “Atlas bayrami”ida muntazam ishtirok etaman, – deydi D.Jalilova. – Ayniqsa, o‘tgan yili oktyabr oyida Marg‘ilon shahrida o‘tgan “Atlas bayrami” V xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali menda katta taassurot qoldirdi. Unda Turkiya, Hindiston, Malayziya, Bangladesh, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi dunyoning yigirmadan ortiq davlatidan mohir dizaynerlar, hunarmandlar, taniqli madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar ishtirok etgandi. Ular va boshqa viloyatlardan kelgan ishtirokchilar bilan suhbatlashib, tajribamni yanada boyitdim. Hindistonlik, tojikistonlik va qoraqalpoqlik mehmonlar tayyorlagan ziraklarimdan sotib olishdi.

Bugungi kunda D.Jalilovaning shogirdlari maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Kamalak yulduzlari”, “Yosh havaskorlar” ko‘rik-tanlovlarida qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda.
– Ustozimdan do‘ppi tikish, turli ziraklar yasash sirlarini o‘rganib kelmoqdaman, – deydi “Do‘rman” madaniyat markazi do‘ppido‘zlik to‘garagi a’zosi Dilnura Ravshanova. – “Yosh havaskorlar” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 7-13 yosh toifasida qatnashib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. “Kamalak yulduzlari – 2022” ijodiyot festivalining respublika bosqichida ishtirok etdim. Hozir dugonalarim, qo‘shni qizlarga turli ziraklar yasab, do‘ppilar tikib beraman. Kelgusida o‘zim ham ustozning yo‘lidan borib, yoshlarga milliy hunarmandchilik bo‘yicha ustozlik qilishni niyat qilganman.

Dilbar opa nafaqat yoshlarga, balki o‘quvchilarining onalariga ham do‘ppi tikish sirlarini o‘rgatmoqda. Uchinchi qizi Mahliyo esa ona kasbini davom ettirmoqda. U Navoiy davlat pedagogika institutini tamomlab, 19-umumta’lim maktabida ishlayapti.
Hunar, halol mehnat kishini elda aziz qiladi, deyishadi. Bu ayni haqiqat. Bunga Dilbar Jalilovaning faoliyati yaqqol misoldir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri