Kasb — barqaror bandlik va farovon hayot poydevori
Aholini kasb-hunarga o‘qitish, mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash va bandligini ta’minlash mamlakatimizdagi muhim yo‘nalishlardan biri.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi Qarshi shahri Kasbiy ko‘nikmalar markazida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan. Markazda iyul-avgust oylarida 500 nafardan ziyod tinglovchi 32 dan ortiq kasb yo‘nalishi hamda 5 ta xorijiy til kursida tahsil olmoqda.
Mashg‘ulotlar zamonaviy ustaxonalarda malakali mutaxassislar tomonidan nazariy va amaliy shaklda olib borilmoqda. Tinglovchilar tanlagan kasbi bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni bevosita amaliy mashg‘ulotlar jarayonida egallamoqda.
Markaz faoliyatida ish beruvchilar bilan hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratilgan. Mahalliy sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari va tadbirkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik o‘quv dasturlarini mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish, bitiruvchilarni ishga joylashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-30840]
O‘quv ustaxonalari zamonaviy jihoz va asbob-anjomlar bilan ta’minlangan. Elektromontyorlik va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida tinglovchilar zamonaviy diagnostika uskunalari bilan ishlashni o‘rganmoqda. Tikuvchilik, qandolatchilik kabi kasblar bo‘yicha esa amaliy mashg‘ulotlar zamonaviy texnologiya va uskunalar asosida tashkil etilgan.
Kasb-hunar egallash uchun yaratilgan bunday imkoniyatlar aholining mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, yangi ish o‘rinlariga ega bo‘lish va o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari va kasb-hunar egallash istagidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda kasbiy ko‘nikmalar markazlarining o‘rni muhim. Bu borada joriy etilgan vaucher tizimi ham aholining kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5U4ysaAT0Oc" title="Kasb — barqaror bandlik va farovon hayot poydevori" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Jamshid NORQOBILOV (surat va video), O‘zA