Kasallikning oldini olishda muhim omil
Aholining sihat-salomatligi yurtning katta boyligidir.
Aholining sihat-salomatligi yurtning katta boyligidir. Shu bois ham mamlakatimizda aholi sogʻligʻini muhofaza qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Sohaga oid davlat siyosatida alohida oʻrin tutgan bu masala Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Partiya Buxoro viloyati kengashi tomonidan Kogon shahridagi “Temiryoʻlchilar” madaniyat va istirohat bogʻida “Adolat” SDP mahalliy tashkilotlari xodimlari, deputatlar, keng jamoatchilik vakillari, mahalla faollari ishtirokida “Aholining tibbiy madaniyatini oshirish – davr talabi” shiori ostida tashkil etilgan miting-targʻibot tadbirida bu haqda atroflicha soʻz yuritildi.
Kasallikni davolashdan koʻra, uning oldini olish har jihatdan muhim, deb taʼkidlandi tadbirda. Bu esa aholining tibbiy madaniyatini oshirishni talab etadi. Sogʻlom turmush tarzi, reproduktiv salomatlik talablariga amal qilish, sogʻliqqa ziyon yetkazadigan zararli odatlardan voz kechish, ovqatlanish meʼyorlariga rioya etish, davolanish katta xarajatlar sarflashni talab qiladigan turli xastaliklarga barham berishning asosiy omillari hisoblanadi. Bu borada birlamchi tibbiyot tizimi boʻgʻini boʻlgan qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarning muhim vazifalari doirasiga kiruvchi patronaj xizmati faoliyatini takomillashtirish zarur. Partiyaning saylovoldi dasturida ana shu masalaga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Bundan tashqari, mazkur hujjatda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati hamda madaniyatini yuksaltirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, xususan, profilaktika muassasalariga murojaat qiladigan bemorlarning elektron axborot bazasini shakllantirish “aqlli tibbiyot” dasturini amalga oshirishning asosiy dastaklaridan biri ekani qayd etilgan.
– Biz aholi tibbiy madaniyatini yuksaltirishda targʻibot tadbirlariga eʼtibor qaratgan holda, sogʻliqni saqlash tizimidagi muammolarni aniqlash va ularni hal etish yoʻllarini ham izlayapmiz, –deydi “Adolat” partiyasi viloyat kengashi raisi Maqsud Hamidov. – Bu borada jamoatchilik nazorati, muammolarni xalq deputalari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalari hamda sessiyalarida muhokama etish, mutasaddilar hisobotini eshitish tajribasi qoʻl kelmoqda.
Shuningdek, muloqotda, partiyaning saylovoldi dasturida belgilanganidek, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalaridagi tibbiy xizmat xonalarini tarbiyalanuvchilar va oʻquvchilar sonini, mazkur muassasa joylashgan hududning xususiyatlarini, zamonaviy talab va ehtiyojni inobatga olgan holda jihozlash, kadrlar bilan, tegishli dori-darmonlar, tibbiy anjomlar va dastlabki tibbiy yordam koʻrsatishga doir tibbiy uskunalar bilan taʼminlashning yagona andozasini ishlab chiqish hamda joriy etish, ushbu maskanlar faoliyatini moliyaviy taʼminlashning yagona va qulay mexanizmini yoʻlga qoʻyish hamda boshqa dolzarb masalalarga eʼtibor qaratildi. Uchrashuv partiya elektorati va xayrixohlari oʻrtasida partiyaning saylovoldi dasturini targʻib qilishda oʻziga xos muloqot minbariga aylandi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar partiyaning dasturi va loyihalari, maqsad, vazifalari toʻgʻrisida toʻxtalib, oʻz fikr va takliflarini ilgari surdi.
Aksiya davomida “Adolat” partiyasi hududiy kengashlari “Yosh adolatchi” va “Ayollar qanoti” vakillari tomonidan namoyish etilgan tibbiyot sohasidagi illatlardan biri korrupsiyaga qarshi kurashga daʼvat etuvchi sahna chiqishlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.