Kasaba uyushmasidan xayrli tashabbus
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Buni har yili ta’lim muassasalari va kasaba uyushmalari faoliyatida faol ishtirok etayotgan, o‘zlashtirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga kasaba uyushmasi stipendiyasi berilayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi navbatdagi xayrli ishini yakuniga yetkazdi. Oliy ta’lim muassasasi talabasi va yosh ishlovchi xodimga kasaba uyushmalari stipendiyasi ta’sis etish va sanatoriyga bepul yo‘llanma ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Mazkur qarorga asosan o‘tkazilgan tanlovda ta’lim muassasasi va kasaba uyushmalari faoliyatida faol ishtirok etayotgan, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan talaba tanlab olindi.

Guliston davlat Pedagogika instituti ijtimoiy gumanitar fanlar fakulteti xorijiy tillar adabiyoti yo‘nalishi talabasi Shahrizoda Axmedovaga kasaba uyushmalari stipendiyasi tayinlandi. Stipendiya mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravari hajmida belgilangan. Kelgusi yilning yanvar oyidan boshlab 6 oy muddatda oyma oy to‘lanadi.
Shuningdek, kasaba uyushmasi tarmoq kengashlari tomonidan tavsiya etilgan salomatligini tiklashga ehtiyoji bo‘lgan ishlovchi yosh xodimlar nomzodlari o‘rganib chiqildi. Mirzaobod tumani Chinobod oilaviy poliklinikasi hamshirasi, bolalikdan II guruh nogironi Farida Ibragimovaga respublikamiz hududidagi sanatoriylardan biriga bepul yo‘llanma beriladigan bo‘ldi. Boyovut tumanidagi 43-umumta’lim maktabida qorovul bo‘lib ishlovchi, bolalikdan II guruh nogironi O‘rol Eshqo‘ziyevga kasaba uyushmasi viloyat kengashi raisi tashabbusi bilan sanatoriy yo‘llanmasi taqdim etildi.


Sh. Suyarov, O‘zA.