Kasaba uyushmalari a’zolari manfaati himoya qilinmoqda
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 14 ta da’vo arizasi kiritilgan. Ularning 13 tasi ijobiy qanoatlantirilib, fuqarolar foydasiga 342 million so‘mdan ortiq moddiy va ma’naviy zararlar undirib berilgan.
Bu haqda “Kasaba uyushmalariga a’zo davlat tashkilotlari ishchi-xodimlarining mehnat muhofazasini ta’minlash, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Bugungi kunda viloyat kasaba uyushmalari tizimidagi 1400 dan ortiq boshlang‘ich tashkilotga qariyb 204 ming nafardan ortiq ishchi-xodim birlashgan. 2023 yilning o‘tgan 8 oyi davomida esa 326 ta korxona, tashkilot va muassasaning 6144 nafar xodimi kasaba uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.
– Kasaba uyushmalarining asosiy vazifasi tashkilot va korxonalarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning manfaatini himoya qilishdir, – deydi Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva. – Joriy yilning 8 oyida maxsus komissiya tomonidan mehnat munosabatlari bilan bog‘liq 360 ta nizo ko‘rib chiqilib, ularning 353 tasi ijobiy hal qilindi. 345 ta korxona, tashkilot va muassasalarda ish beruvchilar tomonidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga rioya qilinishi jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganildi. Shuningdek, o‘tgan 8 oy davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining o‘quv markazida 21 nafar, masofaviy ta’lim portali orqali esa 142 nafar kasaba uyushmalari faolining malakasi oshirildi.

Xodimlar mehnatiga haq to‘lash muddatlariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, joriy yil aprel oyidan “Elektrokimyozavod” AJ, “Elkimyo super fos” MCHJ va “Agroximiya” MCHJlarda ish haqidan 625,6 million so‘m muddati o‘tgan qarzdorlik bartaraf etildi.
Davlat dasturlarini bajarish doirasidagi kelishuvlar orqali 28 nafar xotin-qizga qariyb 80 million, chekka hududlarda ishlayotgan 8 nafar ayolga esa 29 million so‘mlik sanatoriya yo‘llanmalari bepul berildi. Shuningdek, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili" Davlat dasturi doirasida 891 nafar pensioner, 139 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga va o‘zgalar parvarishiga muhtoj kishilarga moddiy yordam ajratildi.
Bugungi kunda xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyatdagi 330 ta mahallada yashovchi 233 ming 760 nafar 30 yoshdan oshgan xotin-qizdan 232,3 ming nafarining muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari anketa-so‘rovnomalari orqali xatlovdan o‘tkazildi. Xatlovdan so‘ng, turmush sharoiti og‘ir hamda yordamga muhtoj 30 ming 56 nafari “Ayollar daftari”ga kiritildi.

Shu kunga qadar belgilangan chora-tadbirlar natijasida 4 ming 957 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi, 726 nafar tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand ayolga imtiyozli kredit mablag‘lari berildi. 7 ming 503 nafar boquvchisi bo‘lmagan ijtimoiy yordamga muhtoj, 2 ming 897 nafar qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand ayolga bir martalik pul mablag‘lari berilgan bo‘lsa, 9 ming 905 nafar I va II guruh nogironligi mavjud, tezkor tibbiy yordamga muhtoj xotin-qizga tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi. 2 nafar xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlandi, 276 nafariga esa ijara pullari to‘lab berildi, 444 nafar xotin-qizning uy-joylari ta’mirlandi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida korxona, tashkilot va muassasalarda xizmat qilayotgan ishchi-xodimlardan 230 nafari, ularning oila a’zolaridan 361 nafari kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriyalarda sog‘lomlashtirildi. Bu maqsad uchun qariyb 2,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Matbuot anjumanida OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar atroflicha javoblar qaytarishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri.