Karmanaga Vengriyadan naslli jo‘jalar olib kelindi
Karmana tumanidagi “Colden Lake Miracles” MCHJ tomonidan Vengriya davlatining "BABOLNA TETRA" kompaniyasidan 10 ming bosh “Super Harco” naslli xonaki jo‘jalar keltirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini oziq-ovqat, jumladan, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda xonaki zotdor tovuqlarni kooperatsiya asosida boqishni kengaytirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

Vengriyalik mehmonlar “Colden Lake Miracles” MCHJga tashrif buyurib, keltirilgan 10 ming dona “Super Harco” naslli xonaki jo‘jalarni parvarishlash bo‘yicha ferma ishchilariga bir qator tavsiyalarini berdi.

– bugungi kunda biz aholimizni arzon tuxum va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida Vengriyadan naslli jo‘jalar olib keldik, – deydi “Colden Lake Miracles” MCHJ ta’sischisi Aziz Suvonov. – “Super Harco” naslli parrandalari yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi, juda tez o‘sadi. Shuningdek, 3,5 oylik xo‘rozning vazni taxminan 2 kilogrammga yetadi. 5,5 oylik tuxum qo‘yadigan tovuqlarning vazni esa 2-2,5 kilogrammgacha yetadi.

Albatta, ushbu sa’y-harakatlar aholini arzon tuxum va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash bilan birga, bozorlarda ushbu mahsulotlar narxining arzonlashuviga ham xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA