Karmanada yirik kimyo texnoparki qurilmoqda
Prezident tashrifidan so‘ng
Yurtimizda investitsiya muhiti tobora yaxshilanib borayotganligi sababli Navoiy viloyatida ham zamonaviy yirik korxonalar tashkil etilmoqda.
Ana shunday korxonalardan biri “Zarafshon industrial technology” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxonasidir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2024 yilning 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida Karmana tumanidagi “Zarafshon Industrial technology” xorijiy korxonasining kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish texnoparki tashkil etish loyihasi bilan tanishgan edi.
Korxona qurilishi ishlari 2019 yilda boshlangan edi. Uskunalar Xitoy davlatidan olib kelingan. 46 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi evaziga 2023 yilda yillik quvvati 120 ming tonna bo‘lgan sulfat kislotasi ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilgan.
Xorijiy korxona tomonidan tashkil etilayotgan kimyo texnoparkidagi loyihalar qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lib, bu yerda xitoylik hamkorlar bilan kimyo mahsulotlari, energetik quvvatlar yo‘nalishida bir qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda texnoparkda 300 kishining bandligi ta’minlangan.
[gallery-21911]
– Mazkur majmua uchun qo‘shimcha 100 gektar yer maydoni ajratilgan, – deydi sex mexanigi Rashid Tojiyev. – Hozirgacha 40 ming tonna oleum, 170 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirildi. Shuningdek, qiymati 150 million dollarlik 1 million tonna sulfat kislotasi, 120 million dollarlik 50 ming tonna bo‘lgan kaustik soda hamda 135 million dollarlik 100 ming tonna ftalotsianin moddasi ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlangan. Kelgusida texnoparkda kooperatsiya aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Natijada qurilish sanoatida 75 million, yengil sanoatda 107 million, tibbiyotda 38 million dollarlik chetdan keladigan mahsulotlar o‘rni qoplanadi.
Ayni paytda korxona tomonidan 330 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish hamda texnologik jarayonda hosil bo‘ladigan issiqlikdan 15 MVt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmali energoblok qurib bitkazilgan.
– Korxonada sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonida yuqori bosimli issiqlik hosil bo‘ladi. Bu issiqlik tashqariga chiqib ketadi. Ammo biz undan samarali foydalanmoqdamiz. Uni bug‘ga aylantirib, trubinaga yo‘naltiramiz. Trubinaning aylanishi natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Bu korxonani o‘zini o‘zi to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini bermoqda, – deydi bug‘ trubinasi nazoratchisi Sin Hung Guo.
Ta’kidlash o‘rinliki, 2024 yil 12 noyabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Navoiy viloyati Karmana tumanida kimyo sanoati yo‘nalishida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2028 yil oxiriga qadar umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish orqali kimyo yo‘nalishida qator loyihalar amalga oshiriladi.
2025 yilda korxona tomonidan 368 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 6 loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda bu yerda 1 million tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi qurilishi boshlab yuborilgan bo‘lib, yil oxiriga qadar ushbu sexning ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Mahsulot “Navoiyuran” davlat korxonasi ehtiyojlari uchun yetkazib beriladi.
Korxonada kerakli kommunikatsiya tarmoqlari qurilishiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ayni paytda 5 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l liniyasi qurildi. Shuningdek, yuqori kuchlanishli 3,5 kilometrli elektr liniyasi, 11 kilometr suv tarmog‘i tortish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlardan xulosalar olingan.
Barcha loyihalar amalga oshgach, 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi, antraxinon, kaustik soda, mis xloridi, dimetilsulfat, natriy sulfid, rezorsin kabi mahsulotlar tayyorlash o‘zlashtiriladi. 2026 yilda texnoparkning yillik eksport salohiyatini 30 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, S.aslonov (surat), O‘zA muxbirlari