Karmana tumanida innovatsion loyihalar samarasi
So‘nggi yillarda yurtimizda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning natijadorligini oshirishga qaratilgan aniq maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hududlarni kompleks rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va innovatsiyalarni keng joriy etishga qaratilgan islohotlar Navoiy viloyati Karmana tumanida ham amaliy natija bermoqda. Bunda, albatta, Prezidentimizning 2021-yil 2-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal vazifasini bajarmoqda.

Bugungi kunda tumanda qurilish va qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, tibbiyot, ta’lim, baliqchilik, parrandachilik, issiqxona xo‘jaliklari hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida innovatsion yondashuvlar keng joriy etilmoqda. 2021-2023-yillar davomida umumiy qiymati 19,2 milliard so‘mlik 12 ta loyiha moliyalashtirildi. Ularning 11 tasi ishga tushirilib, 115 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yana bir loyiha yaqin vaqt ichida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgani bu jarayon izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.

– Loyihalarni joyiga chiqib o‘rganish, ular faoliyatini tahlil qilish va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda, – deydi Karmana tumani hokimining innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Tillayev. – Sust borayotgan tashabbuslarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berilmoqda. Bunday tizimli monitoring islohotlarning sifat va samaradorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. So‘nggi uch yil mobaynida tumandagi 11 ta korxona tomonidan 102,5 milliard so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi. 2025-yil yakuniga ko‘ra, innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 42 taga yetdi. Ular tomonidan 310,3 milliard so‘mlik mahsulot va xizmatlar yaratilgani hudud iqtisodiyotida innovatsiyalarning ulushi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Xalqaro hamkorlik doirasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Jahon bankining MUNIS loyihasi doirasida 2024-2025-yillarda 5 ta loyihaga 695 ming AQSH dollari miqdorida grant ajratildi. Ushbu loyihalar to‘liq amalga oshirilib, 21 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu kabi xalqaro moliyaviy ko‘maklar hududda innovatsion muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

– Farhod mahallasida “Quyosh energiyasi orqali suvni molekulyar darajada tozalaydigan filtrlar ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirmoqdamiz, – deydi “Innovation water filters” MCHJ rahbari Sohib Jumayev. – Asosiy maqsadimiz teskari osmos texnologiyasi asosida suv filtrlarini ishlab chiqarish orqali aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash. Hozirda korxonada soatiga 250 litrdan 100 ming litrgacha toza suv ishlab chiqarish quvvatiga ega filtrlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatish ham tashkil etilgan. Buyurtmachi tashkilotlar va issiqxonalarga suv filtrlari o‘rnatish bilan birga, ularga texnik xizmat ham ko‘rsatiladi. Kelajakda respublikamizning barcha hududlarida servis markazlari ochish, yirik tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish niyatimiz bor.

Tumanda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalardan yana biri O‘zbekiston mahallasida yo‘lga qo‘yilgan tibbiyot zulugini yetishtirish tashabbusidir.

– Loyihaning umumiy qiymati 983,3 million so‘mni tashkil etib, shundan 899 million so‘mi grant mablag‘idir, – deydi “Med ekspress Navoi” MCHJ rahbari D. Hamrayeva. – Loyihamiz 2023-yilda moliyalashtirilib, 2024-yil iyul oyida ishga tushirildi. Mazkur loyiha doirasida 13 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 2024-2025-yillar davomida 1,6 milliard so‘mlik mahsulot sotildi.
Ayni paytda umumiy qiymati 45,7 milliard so‘mlik 19 ta istiqbolli innovatsion loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich ishlar olib borilmoqda. Innovatsion tadbirkorlik sub’ektlari sonining muntazam oshib borayotgani hududda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhitining samarasidir.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri