Karantin vaqtida vasiyatnomalarni notarial tasdiqlash qanday amalga oshiriladi?
Maʼlumki, mamlakatimizda Covid-19 infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan karantin eʼlon qilingan va oʻz-oʻzini yakkalash tizimiga oʻtilgan.
Maʼlumki, mamlakatimizda Covid-19 infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan karantin eʼlon qilingan va oʻz-oʻzini yakkalash tizimiga oʻtilgan. Bunday vaziyatlarda agar zarurat boʻlsa, vasiyatnoma qanday tuzilishi toʻgʻrisida fuqarolarimizda oʻrinli savol paydo boʻlishi tabiiy.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, vasiyatnoma notarial yoki qonunda ruxsat berilgan mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlanishi lozim (FKning 1124). Shundagini u haqiqiy hisoblanadi.
Karantin vaqtida agar zarurat boʻlsa, fuqarolarimiz qanday qilib vasiyatnomani notarial tasdiqlashlari mumkinligiga toʻxtalib oʻtsak. Karantin vaqtida fuqarolarning uydan tashqariga chiqishiga muayyan cheklovlar joriy qilingan. Shunga qaramasdan fuqarolarimiz zarurat boʻlsa, vasiyatnomani notarial tasdiqlash uchun notarial idoraga borishlari mumkin. Bunda fuqarolarimiz bilishi kerak boʻlgan jihat hozirda respublikamizda barcha notariuslar karantin sababli toʻliq tarkibda oʻz faoliyat yuritayotgani yoʻq. Karantin vaqtida oʻz faoliyatini davom ettirayotgan notariuslar roʻyxati Adliya vazirligining rasmiy saytida eʼlon qilingan boʻlib, fuqarolar faqat ushbu idoralargagina murojaat qilishlari mumkin.
Shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilishi munosabati bilan 2020-yilning 25-martidan boshlab notariuslarga murojaat qilish faqat e-notarius.uz sayti orqali tegishli notariusga hujjatlarni oldindan elektron shaklda taqdim etish va elektron navbatga yozilish orqali amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan kechiktirib boʻlmaydigan vaziyatda fuqarolarimiz vasiyatnomani notarial tasdiqlash uchun e-notarius.uz saytida navbatga yozilishlari shart.
E-notarius.uz saytida notarius qabuliga yozilish uchun fuqarolarimiz Identifikatsiyalashning yagona axborot tizimida (id.gov.uz) roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi, yaʼni ID va parolga ega boʻlishi lozim.
Bu uchun fuqarodan tizimga kirish va pasport maʼlumotlari (pasport seriya, raqam, identifikatsion raqam)ni toʻgʻri joylashtirish talab qilinadi. Shu ID orqali biz boshqa davlat elektron xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlamiz.
Fuqarolarni notarial idora binosiga kiritish faqat belgilangan navbat va vaqtga rioya etilgan holda hamda tibbiy niqob taqilgan, qoʻllar antiseptik vositalar bilan yuvilgan va tana harorati teplovizorlar orqali oʻlchangandan keyin yoʻl qoʻyiladi. Bino tashqarisi va ichida fuqarolar oʻzaro masofa (2 metr) saqlashlari lozim.
Undan tashqari, zarurat boʻlsa, fuqaroning murojaatiga koʻra, notarius vasiyatnomani notarial idorasi binosidan tashqarida fuqaroning boʻlib turgan joyida ham tasdiqlashi mumkin. Bunday vaziyatda ham notarius va fuqarolar karantin qoidalariga rioya qilgan holda vasiyatnomani notarial tasdiqlash jarayonida ishtirok etadi. Vasiyatnomani notarial tasdiqlash va uni imzolash jarayoni majburiy audio va video qayd etiladi.
Agar kasallikka chalingan yoki statsionar sharoitda alohidalangan fuqarolar vasiyatnoma qoldirishni istagini bildirsa... Bu uchun ular albatta notarial idoraga murojaat qilishlari shart emas. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1126-moddasiga asosan bunday vaziyatlarda mazkur shaxslarning vasiyatnomalari kasalxona yoki statsionar bosh vrachlari, ularning davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari yoxud navbatchi vrachlari tomonidan tasdiqlanishi mumkinligi belgilab qoʻyilgan. Bu vasiyatnomalarni keyinchalik notarius tomonidan notarial tasdiqlash talab qilinmaydi. Ular notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan hisoblanadi.
Notarial tasdiqlangan hujjatlarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar, ishonchnomalar va arizalarni tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomada yuqoridagi shaxslar tomonidan vasiyatnomani tasdiqlash tartibi keltirib oʻtilgan. Unga koʻra davolash muassasalari va statsionarda tasdiqlagan vasiyatnomalar ikki nusxada tuzilib bir nusxasi vasiyat qiluvchiga ikkinchi nusxasi vasiyat qiluvchining doimiy yashash manzili boʻyicha notarial idoraga saqlash va elektron bazaga kiritilishi uchun yuboriladi.
Notarius va mansabdor shaxslar vasiyatnomani tasdiqlash munosabati bilan oʻzlariga maʼlum boʻlgan axborotlarni oshkor etishga haqli emas.
Gulruh Mamaraimova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
katta oʻqituvchisi