Karantin qoidalariga hamma ham rioya qilmoqdami?..
Bugungi kunda dunyoda koronavirus infeksiyasi insoniyat ahliga jiddiy xavf solmoqda.
Bugungi kunda dunyoda koronavirus infeksiyasi insoniyat ahliga jiddiy xavf solmoqda. Necha minglab odamlar vafot etmoqda, oʻn minglab odamlar ogʻir kasallikka chalinmoqda, yuz minglab odamlar karantinga olinmoqda.
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi keskin choralar bilan kurash olib borilayotgan ayni bir paytda, mazkur oʻrnatilgan tartib qoida talablariga hamma ham birdek rioya qilyaptimi degan oʻrinli savol tugʻiladi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, karantin tartibini buzish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmaslik, jamoat tartibini buzish esa muqarrar javobgarlikka sabab boʻladi
Statistik maʼlumotlar tahliliga koʻra, birgina 2020-yilning 3-aprelidan 17-apreliga qadar Fargʻona viloyat maʼmuriy sudlari tomonidan karatinga qarshi kurashishning belgilangan tartib-qoidalarini buzgan 152 nafar shaxsga nisbatan 119 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilgan.
Sudlar tomonidan huquqbuzarlarning 137 nafariga maʼmuriy qamoq,
13 nafariga esa jarima jazolari qoʻllanilgan. Huquqbuzarlik sodir qilgan shaxslarning 3 nafarini ayollar tashkil qiladi.
Masalan, huquqbuzarlar S.A va B.A 2020-yil 11-aprel kuni tungi soat 23:20 larda jamoat joyi hisoblangan Uchkoʻprik tumani, Jaloyer qishlogʻi hududida spirtli ichimlik isteʼmol qilishib, himoya noqobisiz mast holda, shu hududda oʻrnatilgan vaqtinchalik blok posti oldida soʻkinib, baqir-chaqir qilishib, IIB xodimi M.Aning huquqbuzarlikni toʻxtatish va karantin qoidalari hamda jamoat tartibiga rioya qilish haqidagi qonuniy talablariga boʻysunmay, unga qarshilik qilishib huquqbuzarlik sodir qilishgan. Mazkur maʼmuriy ish Uchkoʻprik tuman maʼmuriy sudi tomonidan koʻrib chiqilib, sudning qarori bilan huquqbuzarlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 54-moddasi 1-qismi, 183-moddasi, 187-moddasi 1-qismi va 194-moddasi 1-qismi bilan, ushbu kodeksning 34-moddasi tartibida 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi va huquqbuzarlardan qamoq xarajatlar undirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, huquqbuzar T.O 2020-yil 15-aprel kuni soat 18:00 larda jamoat joyi hisoblangan Beshariq tumani Uzun qishlogʻi markazida spirtli ichimlik isteʼmol qilib, mast holda niqobsiz yurib, jamiyatda oʻrnatilgan yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan uyatli soʻzlar bilan soʻkinib, baqir-chaqir qilib, u yerdagi fuqarolarning osoyishtaligini buzib, mayda bezorilik qilgan. Bundan tashqari Beshariq tumani IIB xodimlarining huquqbuzarlikni toʻxtatish hamda IIB binosiga borish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan. Ushbu harakatlari uchun huquqbuzar T.Oga Beshariq tuman maʼmuriy sudining qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 54-moddasi 1-qismi, 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismi 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Hurmatli fuqarolar, zarurat boʻlmasa koʻchaga chiqmang va uyingizda qoling. Karantin talablariga qatʼiy rioya qiling! Bu bilan Siz nafaqat oʻzingizni, balki farzandlaringizni, yaqinlaringizni va butun Oʻzbekiston xalqini asragan va koronavirus infeksiyasini tarqalishini oldini olishga juda katta hissa qoʻshgan boʻlasiz.
Oʻktamjon Poʻlatov,
Fargʻona viloyat maʼmuriy sudi
raisi vazifasini bajaruvchi.