Karantin davrida ishsizlar soni koʻpaydimi?
Sir emas, koronavirus pandemiyasi sababli koʻplab fuqarolar vaqtincha ishsiz qoldi.
Sir emas, koronavirus pandemiyasi sababli koʻplab fuqarolar vaqtincha ishsiz qoldi. Chet eldan qaytgan mehnat migrantlari, qolaversa, turli koʻngilochar maskanlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyati vaqtincha toʻxtatilishi hisobiga band boʻlmagan aholi soni bir qadar oshdi. Shu bois mamlakatimizda hozirgi vaziyatda aholining bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Bu kabi saʼy-harakatlar Qashqadaryo viloyatida ham oʻzining ijobiy samaralarini koʻrsatmoqda. Jumladan, bugungi kunda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etish, subsidiyalar berish va yana bir qancha yoʻnalishlar orqali 10 mingdan ortiq ishsizlarning bandligi taʼminlandi.
Xususan, aprel oyining oʻzida tuman, shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan 7 ming 366 nafar fuqarolarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etish boʻyicha ish beruvchilarning buyurtmanomalari qabul qilindi. Natijada 4 ming 711 nafar fuqaro mahallalardagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga, 1089 nafari obodonlashtirish boshqarmalaridagi koʻcha va ariqlarni tozalash, daraxt va devorlarni oqlash yumushlariga, 356 nafari sanitariya-epidemiologik osoyishtalik nazorat markazi tomonidan dezinfeksiya qilish tadbirlariga, qolgan 1566 nafar fuqaro esa boshqa korxona va tashkilotlarga jalb etildi. Ahamiyatlisi, ularni ishga joylashtirishda ish joylarining oʻz xonadonlariga yaqinligiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Misol uchun, Koson tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga 20 nafar ishsiz dezinfeksiya ishlariga jalb etilishi natijasida ularning ishli, daromadli boʻlishi taʼminlandi. Shu bilan birga tumanda dezinfeksiya qilinadigan hudud koʻlami sezilarli darajada oshishiga erishildi.
Xuddi shu holatni Muborak tumanida hududlarni dezinfeksiyalash boʻyicha qilinayotgan ishlar salmogʻida ham koʻrish mumkin. Mart oyi oxirida faqat tuman markazida boʻlayotgan dezinfeksiya ishlari bugungi kunda chekka qishloqlarda ham tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilganlarning ish haqlari har besh kunda plastik kartochkalariga oʻtkazib berilmoqda.
Bundan tashqari, aholini ish bilan taʼminlashda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻrnatilayotgan manfaatli hamkorlik ham oʻz samarasini bermoqda. Masalan, tumandagi “Ibrohim Ilhom” masʼuliyati cheklangan jamiyatida Koʻhna shahar qishlogʻilik 8 nafar fuqaro ishga joylashtirilgan. Ish haqlarining teng yarmi Bandlik jamgʻarmasi hisobidan toʻlab berilayapti. Bu tadbirkorga ham, ishsiz fuqaroga ham manfaat keltirayapti.
Shu oʻrinda alohida qayd etish lozimki, hozirgi kunda viloyatda 800 nafarga yaqin vaqtincha ishsizlarning bandligi tadbirkorlar bilan hamkorlikda taʼminlangan. Ular davlat dasturlari ijrosi doirasidagi qurilish ishlarida, ishlab chiqarishning turli yoʻnalishlarida mehnat qilib, daromadli boʻlayotir.
Viloyatda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish va shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarini rivojlantirish uchun ajratilayotgan subsidiyadan foydalanish ham doimiy eʼtiborda. Ayni paytgacha 297 ta oilaning moddiy ahvolini yaxshilashga koʻmaklashish maqsadida yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish, urugʻliklar, koʻchatlar va sugʻorish vositalari olib berish, quduq qazib berish ishlari amalga oshirildi. Buning uchun ularga 535 million soʻm subsidiya, yaʼni qaytarilmaydigan mablagʻ berildi.
Misol uchun, Muborak tumanidagi Yangi hayot mahallasida yashovchi Gulchehra Qurbonovaning 8 sotix yeri bor. Ammo sugʻorish imkoniyati yoʻqligi bois bu yerda biror narsa yetishtirishi mushkul edi. Unga ajratilgan subsidiya evaziga tomorqasiga sugʻorish moslamalari oʻrnatildi.
Yoki Koson tumanidagi Yuksalish mahallasida istiqomat qiluvchi Muhiddin Mirkamolov tomorqasining 3 sotix joyida tomorqa tashkil etganu plyonka yopishga qiynalayotgan edi. Unga subsidiya hisobidan plyonka olib berildi. Natijada ayni kunlarda issiqxonasidagi bodringlar baravj. Hademay, pishib yetiladi.
Viloyatda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qishloq xoʻjaliklari kooperativlarini tashkil etishga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Bugungi kunda 22 ta kooperativ tashkil etib, ularda 1224 nafar fuqaroning bandligini taʼminlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.